Dushanbe shahridagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida rasmiy tadbirlar, konsert hamda mintaqa mamlakatlarida ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda faxriy mehmon – Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishoni bilan taqdirlash marosimida ishtirok etdilar.
Faxriy nishon 2021 yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvida taʼsis etilgan boʻlib, u bilan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida hissa qoʻshgan shaxslar mukofotlanadi.
Soʻng yetakchilar “Koʻhi Borbad” saroyida mamlakatlarimiz sanʼat ustalari ishtirokidagi “Doʻstlik oqshomi” konsert dasturini birgalikda tomosha qildilar.
Folklor-etnografik jamoalar va estrada artistlarining chiqishlari, milliy qoʻshiq va raqslar xalqlarimiz qardoshligi va madaniy mushtarakligining yorqin ifodasi boʻldi.
Tadbirlar dasturi “EKSPO Markaziy Osiyo 2023” koʻrgazmasiga tashrif bilan davom etdi. U yerda Prezidentlarga mintaqada ishlab chiqarilayotgan asosiy turdagi mahsulotlar namoyish etildi.
«Made in Uzbekistan» boʻlimida yurtimiz zargarlik, toʻqimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi va turizm tarmoqlari salohiyati aks etgan.
Koʻrgazmadan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston mahsulotlari ham joy olgan. Ekspozitsiyaning umumiy maydoni 1800 kvadrat metrdan ortiq.
Tanishuv yakunida davlat rahbarlari mutasaddilarga oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdilar.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi konsert, Xotin-qizlar muloqoti uchrashuvi, iqtisodiy forum, mahsulotlar koʻrgazmasi, transport vazirlari uchrashuvi, rektor va olimlar forumi hamda shu kunlarda Dushanbeda oʻtayotgan boshqa madaniy-gumanitar tadbirlar Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan sammit sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganidan dalolat beradi.