Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi

0
95
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Choʻlponota shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida oʻtgan tadbirda Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari Nurmuhammad Amannepesov ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar muhokama qilindi.

Oʻzbekiston rahbari oʻz nutqida yetakchilarning Ostonada oʻtgan birinchi uchrashuvidan soʻng oʻtgan qisqa davrda konstruktiv siyosiy muloqot va koʻp qirrali sheriklikni rivojlantirish boʻyicha katta ishlar qilinganini taʼkidladi.

Jumladan, Mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha yuqori darajadagi konferensiya oʻtkazilib, unda raqamlashtirish, transport kommunikatsiyalari, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi loyihalarni, shu jumladan, Yevropaning “Global darvoza” strategiyasi doirasida ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Markaziy Osiyoda barqaror energetika tizimini yaratish hamda professional taʼlim sohasida bir qator muhim mintaqaviy loyihalar boshlandi.

Fuqarolik jamiyati forumi, ikkinchi Iqtisodiy forum hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

– Bu tadbirlar bizning yevropalik sheriklarimiz bilan muloqotlarimiz sifat jihatidan va ijobiy oʻzgarib borayotganini yana bir bor koʻrsatdi, – dedi Prezidentimiz.

Bugun Markaziy Osiyo Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari uchun jozibadorlik markazi va yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoniga aylangani qayd etildi.

– Bu oʻrinda soʻz zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish, “yashil” energetikani joriy etish, “aqlli” qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, rivojlangan transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng investitsiyaviy va texnologik sheriklik haqida bormoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekistonning Yevroittifoq bilan hamkorligiga toʻxtalar ekan, Prezidentimiz barcha darajalardagi muloqotlar sezilarli darajada faollashganini qayd etdi. Xususan, Fransiya, Germaniya, Vengriya va Chexiya yetakchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Budapesht va Stokgolmda elchixonalar ochildi. Yaqin orada Italiyaga rasmiy tashrif boʻlib oʻtadi.

Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi “GSP+” tartibi tufayli joriy yil boshidan buyon qariyb 70 foizga oʻsdi. Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan yuqori texnologik ishlab chiqarish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.

Gumanitar sohada Parijdagi Luvr va Berlindagi Yangi muzey bilan hamkorlikda ikkita noyob loyiha amalga oshirildi. Ushbu sanʼat markazlarida ilk bor mintaqamizning boy madaniy-tarixiy merosi keng namoyish etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, murakkab geosiyosiy vaziyat va global iqtisodiyotdagi salbiy jarayonlarga qaramasdan, Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror oʻsishni namoyish etmoqda.

Shu munosabat bilan yevropalik sheriklar milliy rivojlanish dasturlari va ortga qaytmas islohotlar strategiyasini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashi muhim ekani taʼkidlandi.

Sammit kun tartibidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi.

Yevroittifoq bilan savdo munosabatlarini tubdan kengaytirish uchun Oʻzbekiston yetakchisi mamlakatimiz barqaror savdo-logistika zanjirlarini va oʻzaro mahsulot yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratish, “GSP+” tartibining amal qilish muddatini uzaytirish va ushbu tizimni mintaqaning barcha mamlakatlariga tatbiq etilishidan manfaatdorligini bildirdi.

Shu bilan birga, bir qator masalalar boʻyicha sezilarli siljish kuzatilmayotgani qayd etilib, ularni hal qilish uchun Mintaqa mamlakatlarining eksport va import qiluvchi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilish jarayoni tez fursatda yakunlanishi ham ushbu vazifaning ijrosiga xizmat qilishi qayd etildi.

Oʻzaro bogʻlangan transport yoʻlaklarini shakllantirish barqaror iqtisodiy oʻsishning muhim omilidir.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-kommunikatsiyaviy bogʻliqligini, eng avvalo, “Oʻrta marshrut” deb nom olgan Transkaspiy tranzit yoʻlagini shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadida saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimdir.

– Afsuski, ushbu magistral raqobatbardoshligini oshirish masalasida oʻzaro muvofiqlashgan yondashuv hanuzgacha mavjud emas. Bugun yuk tashishning asosiy hajmini hosil qilayotgan biznes uchun manfaatli boʻlgan tariflar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Transport-logistika va port infratuzilmalarini kengaytirish, yoʻl qoplamasining texnik holatini yaxshilash, transport idoralari vakolatli vakillarining muntazam uchrashuvlarini oʻtkazish orqali Transkaspiy yoʻlagi salohiyatidan foydalanishning taʼsirchan mexanizmini yaratish masalalari ham muhim ahamiyatga ega.

Investitsiyaviy va texnologik sheriklik sohasida Oʻzbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” iqtisodiy forumi doirasida har yili sanoat-texnologiya koʻrgazmalarini oʻtkazish masalasini koʻrib chiqishni taklif qildi.

Bugungi voqelikdan kelib chiqib, Yevropa investitsiya banki bilan birgalikda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishlab chiqarish quvvatlarini mamlakatlarimizga koʻchirish jarayonida ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning maxsus vositalarini ishga tushirish tashabbusi ham ilgari surildi.

Raqamli oʻzaro bogʻliqlik borasida “Yevropa jamoasi” mexanizmidan foydalangan holda “Markaziy Osiyo uchun raqamli kun tartibi”ni ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Davlatimiz rahbari Yevropaning ilgʻor bilim va texnologiyalarini qoʻllagan holda maqsadli mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish hisobidan iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish va ekotizimlar barqarorligini oshirish masalalariga alohida toʻxtaldi.

– Masalaning gʻoyat dolzarbligini hisobga olib, Yevropa Ittifoqini shu yil kuzda Umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi Samarqand tashabbusi doirasida oʻtkaziladigan birinchi Xalqaro iqlim forumining ham tashkilotchilaridan biri boʻlishga chaqiramiz, — dedi Prezident.

Oʻzbekiston sheriklar Markaziy Osiyo atrof-muhitni va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetini tashkil etish loyihasida faol ishtirok etishidan ham manfaatdor ekani qayd etildi.

Markaziy Osiyoning turizm salohiyatidan faol foydalanish maqsadida davlatimiz rahbari mintaqa uchun barqaror turizmni rivojlantirishga koʻmaklashish dasturini birgalikda ishlab chiqish va uni joriy yil oktyabr oyida Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sammitida taqdim etishni taklif qildi.

Yoshlar taʼlimiga sarmoya kiritishning ahamiyatini hisobga olib, Prezidentimiz Yevroittifoq mamlakatlarining yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan sheriklikni yoʻlga qoʻyish va qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy qilish taklifini bildirdi.

Mamlakatimiz yetakchisi taʼlim vazirlari va universitetlar rektorlarining muntazam uchrashuvlari qayta tiklanishi hamda “Yevropa ufqlari” dasturi doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ilmiy-tadqiqot va taʼlim loyihalarini qoʻllab-quvvatlash kengaytirilishi tarafdori ekanini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, xavfsizlik sohasida yangi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ekstremizm va radikalizm, odam savdosi, uyushgan va kiber jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda chegaralarni qoʻriqlash sohasida sheriklik dasturlarini ishlab chiqish birgalikdagi ishlarning eng muhim yoʻnalishidir.

– Shu maqsadda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusida ekspertlar konferensiyasini oʻtkazishni taklif etamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Afgʻonistondagi gumanitar vaziyat tez surʼatda yomonlashib borayotganiga eʼtibor qaratib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamkorlarni afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami hajmini kamaytirmaslikka chaqirdi va shu maqsadda Termizdagi logistika xabi imkoniyatlarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish va uning tinch taraqqiyotiga koʻmaklashish borasidagi dolzarb masalalar yechimi yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun maxsus vakillarning muntazam maslahatlashuvlarini davom ettirish  taklif qilindi.

Soʻzining soʻngida davlatimiz rahbari uchrashuv yakunlari boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladi.

Prezidentimiz “Markaziy Osiyo — YeI” formatidagi birinchi rasmiy sammitni kelgusi yilda Oʻzbekistonda oʻtkazish tashabbusi qoʻllab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari matbuot uchun Qoʻshma bayonot qabul qildilar.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Choʻlponota shahriga amaliy tashrifini yakunladi.

Aeroportda oliy martabali mehmonni Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi — Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.