Oʻzbekiston Prezidenti MDH davlatlari huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlarini qabul qildi

0
132
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ichki ishlar vazirlari kengashining shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtayotgan tadbirlarida ishtirok etayotgan MDHga aʼzo davlatlar ichki ishlar vazirliklari va idoralari rahbarlarini qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.    

Prezidentimiz Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlarini samimiy qutlar ekan, Hamdoʻstlik mamlakatlari huquqni muhofaza qilish organlari oʻrtasidagi ikki va koʻp tomonlama hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bugungi kunda MDH Ichki ishlar vazirlari kengashi samarali hamkorlik, ilgʻor tajriba va bilim almashish, shuningdek, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va odam savdosiga qarshi kurashishdagi saʼy-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish uchun muhim mexanizm ekani taʼkidlandi.

Hamdoʻstlik hududida jinoyatlar soni keyingi besh yilda 25 foizdan ziyodga qisqargani Kengash faoliyatining natijadorligidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, birgina oʻtgan yilda qoʻshma operatsiyalar doirasida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan shugʻullangan 892 nafar shaxsning faoliyatiga chek qoʻyildi hamda 84 nafar jinoyatchi ushlandi.

Uchrashuvda MDHga aʼzo davlatlar ichki ishlar organlari hamkorligini yanada kengaytirish, jumladan, samarali idoralararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma tadbirlar oʻtkazish, kadrlar tayyorlash boʻyicha dasturlarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari, xususan, Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda sheriklikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Delegatsiyalar rahbarlari Prezidentimizga samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, oʻz davlatlari rahbarlarining salomini yetkazdilar.

Mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish tizimida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va profilaktika qilish boʻyicha samarali tizimni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi yuksak baholandi.

Hamdoʻstlik mamlakatlari huquqni muhofaza qilish tuzilmalari oʻzaro qoʻllab-quvvatlash hamda umumiy tahdid va xatarlarga qarshish kurashishda saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida faol hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekani alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari MDH Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.