Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligidan kuzatuvchilar missiyasi boshchiligida mamlakatimizda boʻlib turgan MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga navbatdagi saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish davrida MDH missiyasi faol ishlaginini taʼkidladi.
Sergey Lebedev saylovni kuzatishda ishtirok etish taklifi, qolaversa, Hamdoʻstlikka aʼzo mamlakatlar va Ijroiya qoʻmitadan 180 vakildan iborat MDH kuzatuvchilar missiyasining samarali faoliyatini taʼminlash yoʻlida yaratilgan qulay sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Saylov jarayoni yuksak saviyada tashkil etilgani, milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga toʻliq mos ravishda oʻtgani qayd etildi.
MDH Ijrochi kotibi saylov koʻp partiyaviylik asosida, erkin, shaffof va raqobat muhitida oʻtgani, mamlakatdagi demokratik oʻzgarishlarni chuqurlashtirishning muhim omili boʻlganini taʼkidladi.
Uchrashuvda, shuningdek, Oʻzbekistonning Hamdoʻstlik mamlakatlari bilan koʻp tomonlama hamkorligi istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Respublikaning 2020 yilda MDHda raisligini samarali tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.