Oʻzbekiston Prezidenti mintaqada koʻp tomonlama hamkorlikning samaradorligini oshirishni taklif etdi

0
114
marta koʻrilgan.

21 iyul kuni Choʻlponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining toʻrtinchi Maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligidagi sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdilar.

Mintaqaviy xavfsizlikka zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda chora koʻrish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari, Markaziy Osiyo davlatlarining barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlash, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarini davom ettirish maqsadida mintaqaviy sheriklikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida ushbu formatda yoʻlga qoʻyilgan muntazam muloqot tufayli Markaziy Osiyoda doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga muvaffaq boʻlinganini taʼkidladi.

— Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligini, izchil ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash boʻyicha murakkab vazifalarni izchil hal qilib kelayapmiz, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Bu borada koʻplab toʻsiqlar bartaraf etildi, fuqarolarimiz erkin harakatlanishi, faol madaniy va turistik almashinuvlar amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratildi. Oʻzaro savdo va investitsiyalarning oʻsishiga xizmat qilayotgan qulay muhit shakllantirildi.

Mintaqa mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kirishdi, samarali qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratmoqda, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirmoqda.

— Eng muhimi – barcha ijobiy oʻzgarishlarni birodar xalqlarimiz his qilmoqda, — dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Shu bilan birga davlatimiz rahbari jahondagi murakkab vaziyat mintaqamizga ham bevosita taʼsir koʻrsatayotganini taʼkidladi.

Xalqaro tartibotning oqibatlarini prognoz qilish ogʻir boʻlgan shiddatli transformatsiyasi kuzatilmoqda. Dunyo global miqyosda muloqot va ishonch taqchilligi ortib borayotganining guvohi boʻlmoqda.

Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli hodisalar kuchaygani natijasida mamlakatlarimiz anʼanaviy logistika zanjirlari uzilishi muammosiga duch kelmoqda, inflyasiya importi ortmoqda, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikka xatarlar karrasiga koʻpaydi.

— Bunday sharoitda Maslahat uchrashuvlari formati doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirish zarurati yanada oshmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Alohida qayd etaman, butun mintaqaning tinchligi, barqarorligi va farovonligi jipsligimizga, Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrishga tayyorligimizga bogʻliq.

Oʻzbekiston Prezidenti dolzarb masalalar yuzasidan nuqtai nazarini bayon qildi hamda koʻp qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va mintaqada amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi.

Ijobiy surʼatga qaramasdan mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy hamkorlik salohiyati roʻyobga chiqarilmasdan qolayotgani taʼkidlandi. Bugun mintaqa ichidagi savdo hissasiga turli hisob-kitoblarga koʻra mamlakatlarimiz oʻrtasidagi umumiy tovar ayirboshlashning 5 foizidan 10 foizigacha toʻgʻri kelmoqda.

Shu munosabat bilan oʻzaro savdoni ragʻbatlantirishning yangi shakl va mexanizmlarini faol joriy qilish taklif etildi. Tovar yetkazib berishning qoidalari bir xillashtirilgan va tartib-taomillari soddalashtirilgan chegaraoldi savdo zonalari tizimini yaratish shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbari uchinchi mamlakatlardan importning oʻrnini mintaqa mamlakatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan bosishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga chaqirdi.

Sanoat kooperatsiyasi boʻyicha qoʻshma loyihalarni ilgari surish yana bir muhim vazifadir. Prezidentimiz industrial rivojlanish milliy dasturlari asosida Markaziy Osiyo mahalliylashtirish va importning oʻrnini bosish makonini shakllantirishga umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhimligini qayd etdi.

Oʻzbekiston yetakchisi iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratishga chaqirib, bu mahsulot tannarxini kamaytirish va raqobatbardoshligini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri hududlararo hamkorlik salohiyatidan kengroq foydalanish va har yili Markaziy Osiyo hududlari forumini oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi hamkorlarga yaqinda Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi maxsus rezolyusiya qoʻllab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirdi hamda ushbu tashabbusning davomi sifatida Hindiston, Pokiston va Xitoy bozorlariga chiqish uchun muqobil transport yoʻlaklarini ilgari surish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif etdi.

Ishtirokchilarning eʼtibori oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha birinchi navbatda Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish lozimligiga qaratildi.

Shu maqsadda Prezidentimiz aholini mamlakatlarimizda yetarli hajmda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlashning kompleks sxemasini birgalikda ishlab chiqishni taklif etdi.

Ekologiya sohasidagi koʻp tomonlama hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Hamkorlarga eʼtiborni Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyo uchun «Yashil» kun tartibi» dasturi doirasida iqtisodiyotni karbonsizlantirish, muqobil energetikani rivojlantirish va oʻzaro elektr energiyasi yetkazishni tashkil etish, suv tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy qilish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga qaratish taklif etildi.

Prezidentimiz «yashil taraqqiyot» masalalarida Markaziy Osiyo davlatlari bugun jahonning yetakchi mintaqalaridan ancha orqada ekanini afsus bilan qayd etdi.

— Mamlakatlarimizning uzoq muddatli istiqbolda raqobatbardoshligini taʼminlash uchun hukumatlarda bugun qabul qilinayotgan dasturni amalga oshirish boʻyicha Aniq chora-tadbirlar rejasini tayyorlashni topshirish zarur, — dedi davlatimiz rahbari.

Mintaqa mamlakatlarining birodar xalqlarini yanada yaqinlashtirish maqsadida umumiy tariximizni chuqur oʻrganish, madaniyat, taʼlim, sport va turizm sohalarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish zarur.

Shu maʼnoda, Prezidentimiz Markaziy Osiyo madaniyat, sanʼat va kino festivalini navbatma-navbat oʻtkazib borishni taklif qildi.

Maxsus turizm marshrutlari va mahsulotlarini ishlab chiqish, yagona piar-kampaniyalarni oʻtkazish orqali mintaqa ichidagi turizmni faol ragʻbatlantirishimiz lozimligi taʼkidlandi.

Yoshlarga doir siyosatning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida koʻp tomonlama bitim tayyorlash tashabbusi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari xavfsizlik sohasidagi mintaqaviy hamkorlikning strategik yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratdi.

— Alohida qayd etaman, mintaqa xavfsizligi boʻlinmas va, eng avvalo, sherikligimiz qanchalik samarali yoʻlga qoʻyilganiga bogʻliq, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Shu maʼnoda, ekstremizm va terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikdek anʼanaviy tahdidlarga qarshi kurashda amaliy hamkorligimizni bundan buyon ham kuchaytirib borishimiz zarur.

Davlatimiz rahbarining fikricha, koʻlami tobora ortib borayotgan Internetdagi noqonuniy faoliyat bilan bogʻliq yangi xatarlar alohida eʼtiborni taqozo etmoqda.

Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlikni taʼminlashga va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish masalalarida yaqindan hamkorlikni davom ettirish biz uchun eng muhim ustuvor yoʻnalish boʻlib qolishi kerakligi taʼkidlandi.

Mintaqa davlatlari ushbu mamlakatning eng yaqin qoʻshnilari sifatida undagi barqarorlikdan birinchi navbatda oʻzlari manfaatdor boʻlishlari lozim, dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Ushbu mamlakat bilan savdo aloqalarini faol rivojlantirish, uni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga jalb qilish, afgʻon xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, muhim ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish muhim ekani qayd etildi.

Prezidentimiz soʻzining yakunida Maslahat uchrashuvi natijalari mamlakatlarimiz oʻrtasida strategik sheriklik va ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishiga, amaliy hamkorlik boʻyicha qoʻshma dastur va loyihalarning ilgari surishiga kuchli surʼat bagʻishlashiga ishonch bildirdi.

Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirgʻiziston Prezidentlari oʻz nutqlarida bunday muntazam uchrashuvlarning dolzarb ahamiyatini alohida qayd etib, mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdilar.

Sammit yakunida XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yoʻlidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. Davlat rahbarlari Choʻlponota Maslahat uchrashuvining qoʻshma bayonoti, 2022-2024 yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritasi, “Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining koʻp tomonlama formatlar doirasidagi hamkorligi konsepsiyasini qabul qildilar.

Shu bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining toʻrtinchi Maslahat uchrashuvi yakunlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.