Rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozondan Moskvaga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Rossiya poytaxtining “Vnukovo-2” aeroportida davlatimiz rahbarini Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga Oʻzbekiston va Rossiya davlat bayroqlari koʻtarildi, faxriy qorovul saf tortdi. Tantanali kutib olish marosimi boʻldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, 6 oktyabr kuni ikki mamlakat yetakchilari tor va kengaytirilgan tarkibda muzokara oʻtkazadilar. Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda har tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollarini koʻrib chiqish rejalashtirilgan. Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin bilan ham muzokara oʻtkazadi.