Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni Mudofaa sanoati agentligining Toshkent viloyatida joylashgan ishlab chiqarish klasteriga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qurolli Kuchlarimizni isloh qilish va har tomonlama modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy talablarga toʻliq javob beradigan, Yangi Oʻzbekistonning mustaqilligi va suvereniteti, xalqimiz xavfsizligi va farovonligini kafolatli taʼminlashga qodir yangi armiyaga aylantirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Xususan, keyingi yillarda qoʻshinlarning tezkor va jangovar tayyorgarligi samarasi va sifatini oshirish, harbiy xizmatchilarning malaka va koʻnikmalarini yuksaltirish uchun zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida zarur infratuzilmaga ega bir qator oʻquv poligonlari barpo etildi va bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda yangi bosqichga koʻtarilayotgan mudofaa sanoatini modernizatsiya qilish va salohiyatini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Aynan shu maqsadda oʻtgan yilning yanvar oyida Prezident Mudofaa sanoati agentligini Mudofaa vazirligi tizimiga oʻtkazish va uning faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan topshiriq bergan edi.
Agentlik tomonidan zarur harbiy-texnik mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, zamonaviy harbiy texnikalarni xarid qilish va qoʻshinlarga yetkazish hamda mavjud qurol-aslaha namunalarini modernizatsiya qilish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi tashrif davomida Prezidentimizga Mudofaa sanoati agentligining ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha qilinayotgan ishlar va kelgusi rejalar toʻgʻrisida batafsil axborot berildi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga muvofiq qisqa muddatda Mudofaa vazirligining bir nechta texnik boʻlinmalari negizida keng koʻlamli qurilish ishlari bajarildi, mavjud obyektlar mukammal taʼmirlandi va rekonstruksiya qilindi. Klaster hududiga Mudofaa vazirligining texnikani taʼmirlash zavodi va Markaziy avtomobil texnikasini saqlash bazasi koʻchirildi.
Yangi klaster hududida joylashgan korxonalar oʻzaro integratsiya qilinib, ularning yagona taʼmirlash sexlari tashkil qilindi. Mazkur korxonalarda qurol-yarogʻ va harbiy texnika, radiolokatsiya qurilmalari, optik va elektron-optik asboblar, oʻqotar va artilleriya qurollari modernizatsiya qilinmoqda hamda metallarga yuqori aniqlikda ishlov berilmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu quvvatlar faoliyati bilan tanishib, sohaga ilgʻor texnologiyalarni keng jalb qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish zarurligini qayd etdi, korxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Sanoat tarmoqlariga, shu jumladan mudofaa sanoatiga “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish boʻyicha belgilangan vazifalarga muvofiq hamda elektr energiyasini iqtisod qilish maqsadida klaster hududida quyosh panellari oʻrnatilgan. Bu ishlab chiqarish jarayonlarining elektrga boʻlgan ehtiyojining katta qismini muqobil manbalar hisobidan taʼminlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, davlatimiz rahbariga Mudofaa sanoati agentligining yangi klasteridagi ishlab chiqarish quvvatlari tomonidan taʼmirlangan va modernizatsiya qilingan harbiy texnika va qurol-yarogʻ namunalari namoyish etildi.
Mudofaa sanoati mahsulotlarining taqdimoti chogʻida davlatimiz rahbariga «Kelajak askari» majmuasi tarkibiga kiruvchi maxsus aslaha va anjomlar toʻplami amalda namoyish etildi. Ushbu toʻplam mamlakatimiz mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, uning xususiyatlari jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilari tomonidan tayyorlangan muqobillaridan qolishmaydi.
Tashrif chogʻida Oliy Bosh Qoʻmondon yangi turdagi harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha korxona faoliyatiga start berdi. Mahsulotlarning yuqori sifatini taʼminlash, muhandis va mutaxassislar malakasini oshirish zarurligini taʼkidladi.
Yakunda Prezidentimiz mutasaddilarga mudofaa sanoati korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.