Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni videoanjuman shaklida oʻtgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini ushbu tashkilotning oʻtgan yil 11 dekabrdagi sammitida olgan edi.
Oʻtgan davrda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum va uni amalga oshirish boʻyicha uch yillik Chora-tadbirlar rejasi imzolandi. Mamlakatimiz vakillari YeOIIning koʻp tomonlama tadbirlarida ishtirok etmoqda. Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida birlashmaning Sanoat siyosati boʻyicha kengashi yigʻilishi va xalqaro “Innoprom” koʻrgazmasi oʻtkazildi.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida oʻtgan Oliy kengashning navbatdagi yigʻilishida kengash Faxriy Raisi, Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchisi Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat — Kuba Prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati Raisi Mixail Myasnikovich ham ishtirok etdi.
Tadbir kun tartibidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlik qilish hamda YeOII faoliyatini takomillashtirishga doir dolzarb masalalar oʻrin oldi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida hal etilishi oʻzaro muvofiqlashgan yondashuvlarni talab etuvchi eng muhim vazifalarga alohida toʻxtaldi.
Xususan, quyidagilar alohida qayd etildi:
— savdo munosabatlarini, shu jumladan toʻsiqlarni bartaraf etish va savdoni notarif tartibga solish choralarini yaqinlashtirish orqali yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjud;
— mamlakatlarimizning yetakchi korxonalari va hududlarining sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, Yevroosiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega;
— transport-tranzit sohasidagi dolzarb masalalarni hal qilish va yuk tashish hajmini oshirish maqsadida oʻzaro imtiyozlarni kengaytirish lozim.
Epidemiologik vaziyatning barqarorlashuvi va aholini emlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni hisobga olib, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi muntazam havo va temir yoʻl qatnovini qayta tiklash taklif etildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning YeOII soliq va bojxona maʼmuriyatchiligi, sanoat, mehnat migratsiyasi va turizm boʻyicha raqamli platformalariga ulanish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda, shuningdek, boshqa qator ustuvor yoʻnalishlar borasida hamkorlik qilish imkoniyatlari oʻrganilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti soʻzining yakunida mamlakatimizning kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligida aniq va sezilarli natijalarga erishish muhim ekanini yana bir bor taʼkidladi.