Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Oʻmon Sultonligi savdo, sanoat va investitsiyalarga koʻmaklashish vaziri Qays bin Muhammad al-Yusufni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv boshida Qays al-Yusuf davlatimiz rahbariga Oʻmon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning samimiy salomini yetkazdi.
Oʻzaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yoʻnalishlarda kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Energetika, transport, sogʻliqni saqlash, turizm, geologiya, oziq-ovqat, toʻqimachilik, kimyo sohalarida, shu jumladan Oʻzbekiston-Oʻmon investitsiya kompaniyasi koʻmagida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi qayd etildi.
Yaqin fursatda Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va qoʻshma biznes forumini oʻtkazishga kelishib olindi.
Transafgʻon temir yoʻlini qurish hamda “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron — Oʻmon” transport yoʻlagini ilgari surish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.