Oʻzbekiston Prezidenti Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki delegatsiyasini qabul qildi

0
109
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 avgust kuni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.   

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston va OIIB oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik ijobiy surʼat bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bank mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarni faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Bugungi kunda Buxoro viloyatida suv taʼminoti va suv oqizish tizimlarini rivojlantirish, avtomobil yoʻllarni rekonstruksiya qilish boʻyicha umumiy qiymati 1,3 milliard dollardan ziyod boʻlgan ilk investitsiya loyihalarini tayyorlash ishlari yakuniga yetmoqda.

Qoraqalpogʻiston va boshqa hududlarda ijtimoiy, kommunal va transport infratuzilmani modernizatsiya qilish, sanoat korxonalari va kichik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, mintaqaviy savdoni rivojlantirish boʻyicha umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda yangi dasturlarni ilgari surish masalalariga bagʻishlangan bugungi davra suhbati muvaffaqiyatli boʻlgani alohida qayd etildi.  

Samarali hamkorlik boʻyicha oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish va qabul qilish, shuningdek, sheriklik salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan ikki tomonlama tadbirlar oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

OIIB prezidenti davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda mamlakatimizda ustuvor loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish yoʻlida aniq choralar koʻrish taklifini toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

Szin Litsyun mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror taraqqiyotini taʼminlash maqsadida bank Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli hamkorlikni mustahkamlashga qatʼiy intilishini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.