Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni poytaxtimizdagi Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Turkiya vazirlarining birinchi koʻp tomonlama uchrashuvi tadbirlarida ishtirok etayotgan Ozarbayjon Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ozarbayjon tomonidan tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov, iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov hamda raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashad Nabiyev qatnashdi.
Birodar davlatlarimiz yetakchilarining kelishuvlariga muvofiq Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Oʻzbekiston rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Tomonlar yaqinda oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvdan soʻng sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Oʻtgan oyda neft-gaz va kimyo tarmoqlarida, ipakchilik va qishloq xoʻjaligining boshqa sohalarida, shuningdek, milliy industriallashtirish dasturlari doirasidagi loyihalarni ilgari surish uchun delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari faol davom ettirildi.
Kuni kecha Toshkent shahrida ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Bugun esa uchchala mamlakatning tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining uchrashuvida, eng avvalo, mintaqada samarali transport kommunikatsiyalarini yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari oʻzaro manfaatli hamkorlikka doir loyiha va dasturlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va jadallashtirish, shu jumladan Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya fondini tashkil etish, ishbilarmonlar oʻrtasidagi aloqalarni ragʻbatlantirish, birinchi Hududlar forumi va sanoat koʻrgazmasini oʻtkazish, erkin iqtisodiy zonalar negizida kooperatsiya uchun sharoitlar yaratish muhim ekanini alohida taʼkidladi.
Joriy yil noyabr oyida Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi.