Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 sentyabr kuni poytaxtimizda oʻtayotgan milliy parlamentlar ayol rahbarlari sammitida ishtirok etayotgan Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Sohiba Gafarovani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Sohiba Gafarova davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda oliy darajadagi muntazam uchrashuv va muloqotlarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq har tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib, amaliy sheriklik kengayib borayotgani alohida qayd etildi.
Ozarbayjon Prezidentining joriy yil iyun oyidagi Oʻzbekistonga tarixiy tashrifining sermahsul natijalari iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, barcha darajalardagi muloqot va gumanitar almashinuvni faollashtirishga kuchli surʼat bagʻishladi.
Oʻzbekiston yetakchisi nufuzli koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatladi.