Fransiyaga davlat tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari poytaxt merini yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan samimiy qutladi, shuningdek, Parij koʻchalaridan biriga Samarqand nomi berilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Oʻz navbatida, Ann Idalgo Oʻzbekiston rahbariga olimpiada tadbirlari davrida jamoat xavfsizligini taʼminlashda koʻrsatilgan yordam uchun tashakkur bildirdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Prezidentining ushbu tashrifi tarixiy natijalar bilan yakunlangani – ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Toshkent va Parij oʻrtasidagi amaliy hamkorlik va almashinuvlarni imzolangan bitim asosida faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shaharsozlikni rejalashtirish, «yashil» hududlar barpo etish, jamoat transportini rivojlantirish, raqamlashtirish, shuningdek, shahar kommunikatsiyalarini modernizatsiya qilish va ulardan barqaror foydalanish borasida tajriba almashish shular jumlasidan.
Bundan tashqari, oʻzaro koʻrgazmalar, madaniyat va sanʼat kunlari, sayyohlik va gastronomik festivallar oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Parij koʻchalaridan biriga Samarqand nomi berilishiga bagʻishlangan rasmiy marosim boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari va Parij meri Oʻzbekiston Prezidenti faxriy mehmon sifatida Parij shahrida boʻlgani toʻgʻrisida qoʻshma hujjatni imzoladilar. Ushbu esdalik yorligʻi meriya muzeyida namoyish etiladi.