Oʻzbekiston Prezidenti rafiqasi bilan Pekindan Shenchjenga keldi va Guandun muzofoti bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlarni qayd etdi

0
62
marta koʻrilgan.

Pekin shahridagi tadbirlar dasturi yakunlangach, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga Shenchjen shahriga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Aeroportda oliy martabali mehmonni Guandun muzofotining rasmiy shaxslari kutib oldi.

Bugun, 25 yanvar kuni davlatimiz rahbari Oʻzbekiston-Xitoy investitsiya forumida ishtirok etadi, XXR yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazadi.

Shenchjen – Xitoyning aholi soni boʻyicha uchinchi shahri hamda Guandun muzofotidagi maxsus iqtisodiy hududdir. Texnologiyalar, tadqiqotlar, ishlab chiqarish, biznes va iqtisodiyot, turizm va transport borasida global markazlardan biri, konteynerli yuklar bilan ishlash quvvati boʻyicha dunyodagi toʻrtinchi dengiz portidir. 

Oʻzbekiston Prezidenti  Shenchjen shahrida Guandun muzofoti partiya qoʻmitasi kotibi Xuan Kunmin bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Guandun – Xitoyning eng rivojlangan hududlaridan boʻlib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizini shakllantiradi va bu koʻrsatkich boʻyicha yetakchilik qiladi. Muzofot Oʻzbekiston hududlarining eng yirik iqtisodiy sherigidir.

Uchrashuvda muzofot bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, yuqori texnologik tarmoqlarda kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.

Kuni kecha XXR Raisi Si Szinpin bilan sermahsul muzokaralar oʻtkazilgani, ular doirasida hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish masalasi qoʻllab-quvvatlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, shu jumladan Guandunning yetakchi kompaniyalari uchun mamlakatimiz hududlarida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik parklar tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Kecha boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvda tashkil etilishi kelishib olingan Oʻzbekiston va Xitoy hududlari kengashi faoliyatida Guandun muhim oʻrni tutishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston muzofot hududida joylashgan “Huawei”, “BYD”, “ZTE” va boshqa ilgʻor kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligi qayd etildi.

Gumanitar aloqalar va ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish maqsadida IT taʼlim sohasida hamkorlik qilish va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.