Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 dekabr kuni Qatar Davlatining Qonun ustuvorligini taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha markazi Vasiylik kengashi raisi Ali Muhsin al-Marriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv avvalida rais al-Marriy davlatimiz rahbariga Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston bilan Qatar oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi ortmoqda, yirik qoʻshma loyihalar tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda.
Boʻlajak muhim xalqaro tadbir – Qatar Amiri tashabbusi bilan taʼsis etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashishda ulkan yutuqlar uchun” global mukofotini topshirish marosimini Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyorgarlikning borishi koʻrib chiqildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish va qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.