Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan 6 dekabr kuni telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qirgʻiziston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sogʻlik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, qardosh qirgʻiz xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Muloqotda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi, boʻlajak tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.
Yetakchilar mustahkam doʻstlik rishtalari, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik aloqalariga asoslangan Oʻzbekiston-Qirgʻiziston munosabatlari bugun yuqori surʼatda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Turli darajalarda faol muloqotlar va samarali almashinuvlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda. Mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda qoʻshma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston-Qirgʻiziston fondining faoliyati doirasida 11 ta istiqbolli biznes loyihasi moliyalashtirildi.
Hududlararo va madaniy-gumanitar hamkorlik kengayib bormoqda.
Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashib, infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish muhimligini taʼkidladilar.