Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 dekabr telefon orqali muloqotda Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni tavallud kuni bilan samimiy qutladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Qirgʻiziston yetakchisiga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat hamda mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar, qardosh qirgʻiz xalqiga esa farovonlik va ravnaq tiladi.
Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Qoʻshma investitsiya fondi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlararo va ishbilarmonlik aloqalari, madaniy almashinuvlar faollashdi.
Energetika va transport sohalarida yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Shu oyda Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish boʻyicha loyihani boshlash moʻljallangan.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar va boʻlajak qoʻshma tadbirlar rejasini muhokama qildilar.