Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 dekabr kuni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Qirgʻiziston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, birodar qirgʻiz xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Yetakchilar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalariga asoslangan strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladilar.
Turli darajalardagi konstruktiv muloqot va faol almashinuvlarni davom ettirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda muhim kooperatsiya loyihalarini birgalikda ilgari surish muhimligi qayd etildi. Biznes va hududlar darajasida amaliy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Telefon orqali muloqot har doimgidek iliq, samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.