Oʻzbekiston Prezidenti Qoʻshilmaslik harakati sammitida xalqaro ahamiyatga molik bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi

0
73
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 mart kuni Boku shahrida Qoʻshilmaslik harakati Muloqot guruhining sammitida nutq soʻzladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida oʻtgan tadbirda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Iroq Prezidenti Abdullatif Jamol Rashid, Liviya Davlati Prezident kengashi Raisi Muhammad Yunus Al-Manfi, Bosniya va Gersegovina Prezidiumi Raisi Jelka Sviyanovich, shuningdek, Kuba vitse-prezidenti Salvador Mesa, Gabon vitse-prezidenti Roz Raponda, Tanzaniya vitse-prezidenti Filip Mpango hamda Jazoir Bosh vaziri Ayman bin Abdurahmon ishtirok etdi.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi 77-sessiyasi raisi Chaba Kyoryoshi, BMT bosh kotibining oʻrinbosari Tatyana Valovaya, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xusrav Noziriy, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash bosh kotibi Qayrat Saribay, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Olga Algayerova, Xalqaro migratsiya tashkiloti bosh direktori Antonio Vitorino, Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik bosh direktori Rafael Grossi va Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili qatnashdi. 

Kun tartibiga muvofiq, COVID-19 koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yengib oʻtish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari hamda pandemiyadan keyingi global tiklanish davrida barqaror rivojlanishning boshqa dolzarb muammolari muhokama qilindi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida soʻnggi yillarda insoniyat pandemiyaga qarshi kurashish iqlim oʻzgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen fojialarning oqibatlarini ham oʻz boshidan oʻtkazayotgani bilan bogʻliq tahdid va xatarlarni qayd etdi. 

— Bu muammolarning koʻlami tobora kengayib, ular nafaqat ayrim davlatlar, balki butun bir mintaqalarning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun jiddiy xavf solmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston 2030 yilga qadar moʻljallangan Senday hadli dasturining asosiy maqsadlariga erishish boʻyicha Global platforma faoliyatini yanada kuchaytirish tarafdori ekani taʼkidlandi. 

Bu kabi favqulodda holatlar sabablarini chuqur oʻrganish hamda ofat oqibatlarini samarali bartaraf etish maqsadida Prezidentimiz Qoʻshilmaslik harakatining maxsus monitoring va ilmiy tadqiqot tarmogʻini tashkil qilishni taklif etdi.

Davlatimiz rahbari pandemiyadan keyingi davrda geosiyosiy va mafkuraviy ziddiyatlar kuchayib, ularning taʼsirida jahonning turli nuqtalarida yangi notinchlik oʻchoqlari paydo boʻlayotganini qayd etdi.

— Yaqin Sharq mintaqasi va Afgʻonistonda uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizolarning global yechimi hanuzgacha topilgani yoʻq, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Keyingi paytlarda barcha davlatlarda oʻsib borayotgan terrorizm va ekstremizmning xavf-xatariga qarshi Qoʻshilmaslik harakati doirasida amaliy aloqalarni kuchaytirish tobora dolzarb tus olayotganini alohida taʼkidlandi.

Shuni hisobga olib, Qoʻshilmaslik harakati terrorizmning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy bazasini mustahkamlash boʻyicha saʼy-harakatlarga yetakchilik qilishi lozimligi qayd etildi. Bu Harakatga aʼzo barcha davlatlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida koʻp tomonlama hamkorligini yanada faollashtirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston yetakchisi bu muammolarni xalqaro miqyosda samarali hal etish va tizimli muvofiqlashtirishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari albatta asosiy rolni bajarishi lozimligi koʻrsatib oʻtdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish jarayonida Xavfsizlik kengashi tarkibida Qoʻshilmaslik harakati aʼzolarining doimiy oʻrni boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev global kun tartibidagi yana bir muhim mavzu – davom etayotgan iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatish masalasiga eʼtibor qaratdi.

— Oziq-ovqat mahsulotlari, suv va energetika resurslarining tobora taqchil boʻlib borayotgani mamlakatlarimiz ijtimoiy-iqtisodiy tizimlari uchun jiddiy sinov boʻlmoqda, — dedi davlatimiz rahbari. — Ming afsuski, bunday qiyin vaziyatda eng katta ogʻirlik va salbiy taʼsir, avvalo, aynan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushmoqda.

Oʻzaro amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma dasturlar va yirik loyihalarni ilgari surish uchun keng iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochib berish maqsadida Qoʻshilmaslik harakati sammitlari arafasida Iqtisodiy forumlarni muntazam oʻtkazib borish taklif etildi.

Bunday muhim tadbirlar innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilgʻor texnologiyalar almashuvini jadallashtirishga, umuman olganda, toʻrtinchi sanoat inqilobi, xususan, “aqlli” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi. 

Oʻzbekiston Prezidenti pandemiyaning salbiy taʼsirini, birinchi galda, oʻsib kelayotgan yoshlar his qilayotganini koʻrsatib oʻtdi. Ularning sifatli taʼlim va professional bilim olish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va sport bilan shugʻullanish imkoniyatlari keskin kamaymoqda.

— Eng yomoni, yosh avlodning kelgusida hayotda oʻz munosib oʻrnini topishiga boʻlgan ishonchi va qatʼiyati susaymoqda. Shuningdek, minglab yoshlarning ongu tafakkuriga buzgʻunchi va radikal mafkuralar taʼsiri ham tobora kuchaymoqda, — dedi Oʻzbekiston rahbari.

Bu boradagi siyosat va rejalarni uygʻunlashtirish, toʻplangan tajriba bilan oʻrtoqlashish maqsadida Oʻzbekiston Qoʻshilmaslik harakati Yoshlar tarmogʻining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni kelgusi yil jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri boʻlgan koʻhna Samarqandda tashkil etish niyatida ekanligi taʼkidlandi.

Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari Ozarbayjon tomonini Qoʻshilmaslik harakatiga samarali raislik qilayotgani va sammit muvaffaqiyatli oʻtgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.