Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshma korxonalarni ishga tushirdi va Xitoy ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashdi

0
120
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi ikkinchi kuni doirasida qator ishbilarmonlik tadbirlari boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari XXR Davlat kengashi Bosh vaziri oʻrinbosari Xe Lifen hamrohligida shu kunlarda Sian shahrida oʻtayotgan Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligi koʻrgazmasiga tashrif buyurdi.

Delegatsiyalar ikki mamlakatning sanoat, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, fan, taʼlim va innovatsiyalar sohalaridagi kooperatsiyasiga bagʻishlangan stendlarni koʻzdan kechirdi. Oʻzaro manfaatli sheriklik natijalari va rejalari, erishilgan yangi kelishuvlar, Oʻzbekistonda amalga oshirish uchun tashrif arafasida maxsus ishlab chiqilgan istiqbolli investitsiya loyihalari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Koʻrgazma doirasida Sian shahri hamda Sirdaryo, Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlari oʻrtasidagi telekoʻprik orqali yangi qoʻshma loyihalarni tantanali ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, jami 3,3 milliard dollarlik 15 ta loyihani — avtomobil va elektromobillar, qurilish materiallari, metalldan keng turdagi mahsulotlar, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirdi va yangi korxonalar qurilishiga start berdi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy ishbilarmon, moliya va investitsiya doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tadbirda XXR Davlat kengashi Bosh vaziri oʻrinbosari Xe Lifen, Xitoy Kompartiyasining Shensi muzofoti partqoʻmi kotibi Chjao Ide, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun, Xitoy xalqaro savdoga koʻmaklashish kengashi raisi Ren Xonbin hamda Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi, Xitoy milliy kimyo-injiniring kompaniyasi, “China CAMC Engineering”, “BYD Auto Industry”, “Sungrow Power Supply”, “China North Industries Corporation”, “Xinjiang Hualing Group”, “China Aerospace Science and Industry Corporation”, “Huawei Technologies”, Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbanki kabi 100 dan ortiq yirik kompaniya, korporatsiya, banklar, tijorat va moliyaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari davra suhbati shaklida oʻtkazilgan tadbir ishtirokchilarini samimiy qutlab, ushbu uchrashuv Xitoyning iqtisodiy markazlaridan birida, koʻp asrlar avval Buyuk Ipak yoʻlini boshlab bergan qadim Sian shahrida oʻtayotgani ramzi maʼnoga ega ekanini qayd etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikda misli koʻrilmagan darajaga erishilganini alohida taʼkidladi.  Oʻzaro tovar ayirboshlash ikki karra oshib, 9 milliard dollarni tashkil etgani qayd etildi. Oʻzbekistonda oʻzlashtirilgan Xitoy investitsiyalari hajmi ilk bor 11 milliard dollarga yaqinlashdi.

Bugun mamlakatimizda Xitoy sarmoyasi ishtirokida 1,7 mingdan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Energetika, neft-gaz, kimyo, togʻ-kon, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlarda qator yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha XXR Raisi Si Szinpin bilan oʻtgan muzokaralar sermahsul boʻlgani, ular davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatdan foydalanish, Oʻzbekiston bozorida Xitoy kompaniyalari uchun qulay sharoitlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi doirasida qoʻshma ishbilarmonlik tadbirlari ham muvaffaqiyatli oʻtkazilgani qayd etildi.

Jumladan, energetika, kimyo, metallurgiya, geologiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 25 milliard dollardan ziyod boʻlgan yangi yuqori texnologik sanoat, savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

«Bularning barchasi Oʻzbekiston-Xitoy kooperatsiyasining yaqqol yutuqlaridan, oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga tomonlarning qiziqishi katta ekanidan dalolat», – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarining eʼtiborini mamlakatimizdagi investitsiya muhiti tubdan yaxshilangani, investorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratilganiga qaratdi.

Oʻzbekistonda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va keyinchalik uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi. Bu borada “yashil” energetika, kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika, metallurgiya, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, sogʻliqni saqlash va boshqa tarmoqlar ayniqsa istiqbolli ekani taʼkidlandi.

Prezidentimiz Xitoy biznesini zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi va barqaror bozor bilan bilan taʼminlashga, uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, loyihalarni birgalikda moliyalashtirishga tayyorligini bildirib, xitoylik ishbilarmonlarni ushbu noyob imkoniyatlardan foydalanishga chaqirdi.

Fikr almashish chogʻida Xitoy korporatsiyalari, kompaniya va banklari rahbarlari Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qatʼiy intilishini aytdi. Ustuvor sohalarda, ayniqsa yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishlarni tashkil etishda amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston vazirlik va idoralari rahbarlariga uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni shaxsiy nazoratga olish hamda ularni amalga oshirishning bosqichma-bosqich mexanizmlari va aniq muddatlari koʻrsatilgan tegishli “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishni topshirdi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifining tadbirlarga boy dasturi oʻz nihoyasiga yetdi.

Aeroportda Oʻzbekiston yetakchisini XXR madaniyat va turizm vaziri Xu Xepin, Shensi muzofoti gubernatori Chjao Gan va faxriy qorovul kuzatib qoʻydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga joʻnab ketdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.