Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ishida qatnashayotgan Quvayt Davlatining tashqi ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi ishlari boʻyicha davlat vaziri shayx Ahmad Nosir al-Muhammad as-Sabohni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari ikki mamlakat oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlash muhim ekanini taʼkidladi. Quvayt tashqi siyosiy idorasi rahbarining ushbu tashrifi muloqot va almashinuvlarning faollashishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Quvayt tashqi ishlar vaziri Oʻzbekiston yetakchisiga Quvayt Amiri Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish borasidagi saʼy-harakatlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatladi.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni, eng avvalo savdo, investitsiya va innovatsiyalar, moliya, oziq-ovqat xavfsizligi, axborot texnologiyalari, taʼlim va boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish hamda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi doirasida qoʻshma tadbirlar dasturini tayyorlashga kelishib olindi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan konstruktiv ruhda fikr almashildi.