Oʻzbekiston Prezidenti raisligida IHTning navbatdagi sammiti boʻlib oʻtdi

0
42
marta koʻrilgan.

9 noyabr kuni Toshkent shahrida “Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov va IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, IHT doirasida koʻp qirrali hamkorlik istiqbollari va uni yangi bosqichga olib chiqish muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Oʻzbekiston Prezidenti sammitni ochar ekan, ushbu muhim tadbirdagi ishtiroki uchun oliy martabali mehmonlarga samimiy minnatdorlik bildirdi, bu har tomonlama va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan umumiy intilishlarning tasdigʻi ekanini taʼkidladi.

Tashkilot aʼzolarini mushtarak tarix va muqaddas islom dinimiz, boy madaniyat va oʻxshash qadriyatlar chambarchas bogʻlab turishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari aytganidek, yarim milliard aholi yashaydigan va dunyo energetika resurslarining uchdan bir qismiga ega IHT makoni savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiya va innovatsiyalar, transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishda katta salohiyatga ega.

Keyingi yillarda tashkilot doirasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotgani, 2021 yilgi Ashxobod sammitida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar izchil amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Jumladan, tashkilot faoliyatini isloh qilish va faoliyati samaradorligini oshirish, xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Yaqinda transport vazirlarining Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi, mintaqaviy elektr energiyasi bozori hamda Boku shahrida Toza energiya markazi tashkil etilmoqda. Ekologiya sohasida yuqori darajadagi muloqot platformasi tuzildi, turoperatorlar tarmogʻi yaratildi va Xavfsiz turizmni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Prezidenti aʼzo davlatlar oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun hali ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligini taʼkidladi. Masalan, oʻtgan yili mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo koʻrsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etdi, bu ularning umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizidir.

Imtiyozli savdo bitimini tuzish boʻyicha koʻp yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. Toʻsiqsiz savdoni shakllantirish yoʻlida hali-hamon koʻplab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda.

IHT doirasidagi hamkorlikka yangi surʼat bagʻishlash maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqishni taklif etdi.

Ushbu muhim hujjatda oʻzaro savdoni ragʻbatlantirish, transport-kommunikatsiyaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, energetika xavfsizligini taʼminlash, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish kabi asosiy yoʻnalishlarga eʼtibor qaratish lozim.

Davlatimiz rahbari tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan Savdoni soddalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilishga chaqirdi.  Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu chora-tadbirlar orqali 2035 yilga borib oʻzaro savdo hajmlarini kamida ikki barobar koʻpaytirish mumkin.

Aʼzo davlatlarning aksariyati dengizga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega emasligini qayd etib, Oʻzbekiston Prezidenti transqitʼaviy transport yoʻlaklari salohiyatidan toʻliq foydalanish, “Xitoy – Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli va Transafgʻon multimodal yoʻli loyihalarini ishga tushirish muhimligini koʻrsatib oʻtdi. 

Toshkentda 2 noyabrda boʻlib oʻtgan transport vazirlarining yigʻilishida “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yoʻlagini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan hujjatga boshqa aʼzolarni ham qoʻshilishga, oʻzaro tarif va yigʻimlarni maqbullashtirishga chaqirdi.

Yuk tashish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni raqamlashtirish va bunday zamonaviy tizimlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent shahrida Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusi bildirildi.

Oʻzbekiston rahbari oʻzaro investitsiyalar oqimini koʻpaytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar dasturini ishlab chiqish hamda hududlararo sanoat koʻrgazmasini tashkil etib, uning dastlabki tadbirini 2024 yilda yurtimizda oʻtkazish muhimligini qayd etdi.

Oʻzbekiston tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdor ekani ham taʼkidlandi.

Energetika xavfsizligini taʼminlash doirasida milliy energetika strategiyalarini uygʻunlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati oshib borayotgani koʻrsatib oʻtildi. Sohada tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida IHT Energetika vazirlari kengashini taʼsis etish taklif qilindi.

Iqlim bilan bogʻliq xatarlar ortib borayotgani munosabati bilan Oʻzbekiston Prezidenti iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. 2024 yilda boʻlajak Samarqand iqlim forumi doirasida Ekologiya masalalari boʻyicha yuqori darajali platformaning birinchi anjumanini oʻtkazish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari, tashkilotga aʼzo mamlakatlar vakillarini kelgusi haftada yurtimizda boʻladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini koʻrib chiqish boʻyicha qoʻmita yigʻilishida faol ishtirok etishga chorladi hamda qum-chang boʻronlariga qarshi kurashish maqsadida Samarqand deklaratsiyasini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Turizm sohasida hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyatni va transchegaraviy yoʻnalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qoʻshma turistik marshrutlarni joriy etish hamda “Ipak yoʻli” sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini koʻpaytirishni taklif etildi.

Prezidentimiz IHT Kotibiyati huzurida aʼzo mamlakatlarning turizm maʼmuriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat Turizm boʻyicha maslahat qoʻmitasini tashkil etish hamda uning ilk uchrashuvini tashkilotning turizm poytaxti deb eʼlon qilingan Shahrisabz shahrida oʻtkazish taklifini bildirdi.

IHT mamlakatlari xalqlarini yanada yaqinlashtirishda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishning ahamiyatini qayd etib, Oʻzbekiston Prezidenti har yili madaniyat, sanʼat va kino haftaliklarini oʻtkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovatsion hamkorlik platformasini yoʻlga qoʻyish, fundamental ilmiy yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida oʻtkir xalqaro va mintaqaviy muammolarga, shu jumladan Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi vaziyatga ham toʻxtalib oʻtdi. Gʻazo sektoridagi harbiy harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish, tinchlik muzokaralarini boshlash va oqilona murosaga kelishga chaqirdi. Falastin xalqi BMT rezolyusiyalari bilan tasdiqlangan oʻzining mustaqil davlatini barpo etishga huquqi borasidagi qatʼiy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.

Oʻzbekiston Prezidenti afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatishni koʻpaytirishga, ushbu mamlakatdagi oʻtkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy masʼuliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqirdi. Taʼkidlanganidek,  ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir.

Sammitda Ozarbayjon, Eron, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Pokiston, Qozogʻiston delegatsiyalari rahbarlari hamda IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy ham soʻzga chiqdi.

Kun tartibiga muvofiq, Oʻzbekiston Prezidenti sammit raisi sifatida tashkilotning ilm-fandagi muvaffaqiyatlar uchun mukofoti gʻoliblarini eʼlon qildi. Har bir mamlakatdan bir nafar vakil mukofotga sazovor boʻldi.

Tadbir yakunida Toshkent kommyunikesi qabul qilindi.

Tashkilotga raislik Eronga oʻtdi, navbatdagi sammit Ozarbayjonda oʻtkazilishi belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.