Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 13-16 yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tashrif doirasida Abu-Dabi va Dubay shaharlarida uchrashuv va tadbirlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari Amirliklar poytaxtida Prezident Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazadi, mamlakatning yetakchi davlat tashkilotlari, kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashadi, shuningdek, «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» xalqaro sammitida ishtirok etadi.
Dubay shahrida Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashuv oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Tashrif kun tartibidan Oʻzbekiston-BAA doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, investitsiyalar, «yashil» energetika, infratuzilma, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, innovatsion rivojlanish, turizm va boshqa koʻplab ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olgan. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari ham koʻrib chiqiladi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki davlat oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan salmoqli kelishuvlar toʻplami qabul qilinishi kutilmoqda.