Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodinni qabul qildi. Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻtgan yil may oyida Rossiya Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuv va bitimlarning amalga oshirilishini nazorat qilish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimiz yetakchisi Parlamentlararo komissiyaning ikkinchi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni Oʻzbekistonda, ikki mamlakat hududlarini keng jalb etgan holda oʻtkazish muhimligini taʼkidladi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor loyihalarini, mehnat migratsiyasi va madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi qoʻshma dasturlarni qoʻllab-quvvatlash va jadallashtirishda parlamentlar faol ishtirok etishi zarurligi qayd etildi.