Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 sentyabr kuni Rossiya Federal Majlisining Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligida mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazamlik kasb etgan samarali muloqot Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga mutlaqo yangi surʼat bagʻishlash, ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shu maʼnoda Davlat dumasi yuksak darajali delegatsiyasining ushbu tashrifi koʻp qirrali hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga ikki tomon ham intilayotganining navbatdagi tasdigʻidir.
Vyacheslav Volodin, oʻz navbatida, samimiy qabul uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasida siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnik, taʼlim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Faol parlamentlararo muloqotlar va almashinuvlarni, jumladan, Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari palatalari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalangan holda davom ettirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Qonun ijodkorligi faoliyatining turli masalalari boʻyicha yaqin sheriklikni yoʻlga qoʻyish, hududlararo aloqalar va istiqbolli kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, ikki va koʻp tomonlama kelishuvlar, jumladan, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan bitimlarni amalga oshirishga koʻmaklashish hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.
Vyacheslav Volodin Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash maqsadida parlamentlararo aloqalarni kengaytirishga intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladi.
Uchrashuv soʻngida yuqori martabali mehmon joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik hokimiyati organlariga saylovlar muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.