Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni Rossiya Federatsiyasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Vladimir Tyurdenevni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi yakunlangani munosabati bilan qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Rossiyaning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonasiga 11 yildan ortiq vaqt mobaynida rahbarlik qilib kelayotgan elchi Vladimir Tyurdenevning ikki tomonlama doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga qoʻshgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.
Elchining faol ishtiroki va koʻmagida turli darajalarda tizimli muloqot va samarali aloqalar yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi. Savdo-iqtisodiy sohada sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan, keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi oshdi, yirik investitsiya loyihalari ilgari surildi va amalga oshirilmoqda, Oʻzbekiston va Rossiya hududlari va ishbilarmon doiralarining iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi kooperatsiyasi kuchaydi.
Taʼlim, sogʻliqni saqlash va madaniy-gumanitar almashinuv borasida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda Rossiya yetakchi oliy taʼlim muassasalarining 12 ta filiali faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya elchisini davlatlararo munosabatlarni chuqurlashtirish va har tomonlama aloqalarni rivojlantirishga qoʻshgan katta hissasi, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan taqdirladi.
Vladimir Tyurdenev uning diplomatik faoliyatiga berilgan yuksak baho, shuningdek, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi.