Rasmiy tashrif bilan Moskvada boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin bilan muzokara oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv Rossiya Hukumatining Muvofiqlashtirish markazida boʻlib oʻtdi.
Ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va oʻtkazilgani, uning yakunida ikki mamlakat hududlari oʻrtasida 3,5 milliard dollarlik hujjatlar imzolanganini olqishladi.
Tovar ayirboshlash surʼatini saqlab qolish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish boʻyicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun qoʻshma Ishchi guruhi tuzilgan.
Raqamlashtirish, sogʻliqni saqlash, taʼlim sohalarida hamda Oʻzbekistonda elektron savdoni joriy qilish boʻyicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat hududlarining amaliy sherikligini yanada rivojlantirish va uni aniq loyihalar bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Shaharsozlik, uy-joy fondini renovatsiya qilish sohalarida tajriba almashishni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida Prezidentimiz Rossiya Hukumati Raisini rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif etdi.
Soʻng Oʻzbekiston delegatsiyasi Rossiya Hukumatining Muvofiqlashtirish markazi bilan tanishdi. Mixail Mishustin davlatimiz rahbariga ijro hokimiyati organlarining tezkor va kelishilgan harakatlarini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan ushbu doimiy faoliyat yurituvchi idora faoliyati toʻgʻrisida batafsil axborot berdi.