Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya moliya vazirini qabul qildi

0
125
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 mart kuni ikki tomonlama idoralararo maslahatlashuvlar oʻtkazish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri Anton Siluanovni qabul qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar, erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirilayotgani mamlakatlarimiz oʻrtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, koʻp qirrali, shu jumladan, moliyaviy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi. 

Bugungi kunda ikki mamlakat moliya vazirliklari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chogʻida imzolangan Hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum doirasida yaqin oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, yuqori toifada va ekspertlar darajasida ikki tomonlama tadbirlar oʻtkazilmoqda, ilgʻor tajriba va axborot almashish borasida faol ish olib borilmoqda, qoʻshma dastur va loyihalar ishlab chiqilmoqda. 

Uchrashuvda moliyaviy sohadagi samarali muloqotni yanada rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi. 

Moliya, soliq va bojxona organlarini modernizatsiya qilish, byudjetni rejalashtirish, mahalliy byudjetlar mutanosibligiga erishish, moliyaviy nazorat buyicha samarali mexanizmlarni takomillashtirish va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ilgʻor tajriba, texnologiyalar va bilimlarni jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish, Rossiyaning yetakchi taʼlim muassasalari negizida soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. 

Rossiya moliya vaziri davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumati Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Anton Siluanov Rossiya mamlakatlarimiz oʻrtasida moliyaviy sohadagi keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdorligi, bu boradagi sheriklikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.