Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Rossiya Parlamentining yuqori palatasi Raisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi hamda unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, Yangi Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlar va yangilanishlar strategiyasini amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbatda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Yaqin va samarali parlamentlararo hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani, bu Oʻzbekiston-Rossiya doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlashga xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mintaqaviy hamkorlik doirasida joriy yil may oyida Ashxobod shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyaning parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Oktyabr oyida Toshkent shahrida MDH Parlamentlararo assambleyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston yetakchisi ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasida yaqin va sermahsul hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.