Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining poytaxtimizdagi yigʻilishi tadbirlarida ishtirok etayotgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbatda Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari kun tartibidagi dolzarb masalalar batafsil koʻrib chiqildi.
Mintaqadagi vaziyatga hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik jihatlariga, shu jumladan ShHT sammitiga tayyorgarlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Oʻzbekiston yetakchisiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzaro savdo hajmi barqaror yuqori surʼat bilan ortib bormoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 32 foizga oshdi. Qoʻshma Loyiha ofisining faoliyati doirasida qariyb 40 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv yoʻnalishida samarali ishlar olib borilmoqda. Keyingi bir necha yilda Oʻzbekistonda Rossiyaning 12 ta yetakchi oliy taʼlim muassasalarining faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Mintaqaviy, shu jumladan “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Afgʻonistondagi vaziyatning tinchlik yoʻli bilan hal etilishiga va ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga koʻmakni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.