Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 aprel kuni shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtayotgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturovni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari 35 mamlakat biznesining 5 ming nafardan ziyod vakillari ishtirokidagi “Innoprom” forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va oʻtkazilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tovar ayirboshlash surʼatini saqlash va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki mamlakat hududlarining amaliy sherikligini yanada rivojlantirish va hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Misol tariqasida joriy haftada Jizzax viloyatida texnologik park ishga tushirilgani qayd etildi.
Loyiha ofisi faoliyati doirasida, shu jumladan energetika, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, farmatsevtika kabi yoʻnalishlarda va boshqa tarmoqlarda investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish muhim ekani koʻrsatib oʻtildi.
Sanoat ishlab chiqarishini qoʻllab-quvvatlashda Rossiya tajribasini joriy etishga qiziqish bildirildi hamda qoʻshma loyihalarni ilgari surishning institutsional mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.