Oʻzbekiston Prezidenti “Rossiyskiye jelezniʼe dorogi” kompaniyasi bosh direktorini qabul qildi

0
53
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 may kuni “Rossiyskiye jelezniʼe dorogi” kompaniyasi (“RJD” OAJ) bosh direktori – boshqaruvi raisi Oleg Belozyorovni qabul qildi.

Temir yoʻl aloqalari sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlari hamda butun mintaqaning tranzit salohiyatini samarali ishga solishga qaratilgan muhim infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish yoʻllari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz temir yoʻl maʼmuriyatlari oʻrtasida, shu jumladan xalqaro tarmoq tuzilmalari doirasida anʼanaviy yaqin va sermahsul ishbilarmonlik aloqalari qaror topganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Pandemiya sharoitida, keng rivojlangan va oʻzaro integratsiyalashgan transport kommunikatsiyalari, eng avvalo temir yoʻllar koronavirus oqibatlariga muvaffaqiyatli qarshi kurashish hamda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning jadal surʼatini saqlab qolishga xizmat qilgani taʼkidlandi.

Amaliy sheriklikni kengaytirish, jumladan, mamlakatimizda temir yoʻllar tizimini takomillashtirish boʻyicha hamkorlik qilish, yuk tashishlar hajmini koʻpaytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish, yoʻlovchi poyezdlarining qatnovini qayta tiklash va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Xalqaro moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda “Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻlini qurish loyihasini birgalikda ilgari surish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Loyihani har tomonlama tayyorlash, shu jumladan texnik hujjatlarni ishlab chiqish va qurilishni tez fursatda boshlashga qaratilgan ishlarda ishtirok etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

“RJD” rahbari Oleg Belozyorov tarmoq kompaniyalari temir yoʻllar sohasidagi sheriklikning ustuvor vazifalarini amalga oshirishda keng koʻlamda hamkorlik qilishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.