Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ar-Riyod shahriga amaliy tashrif doirasida Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi doirasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, eng avvalo, Oʻzbekistonda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi, kooperatsiya koʻlami va aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Joriy yil yakuni bilan yurtimizga Saudiya Arabistoni kompaniyalarining qariyb 2,5 milliard dollarlik investitsiyalari jalb etilishi kutilmoqda.
«Yashil» energetika, sogʻliqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, issiqlik va suv taʼminoti, qishloq va uy-joy kommunal xoʻjaligi kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahrida oʻtkaziladigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrish zarurligi qayd etildi.