Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyun kuni Oʻzbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, «ACWA Power» kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qildi.
Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, shu jumladan qoʻshma investitsiya loyihalarining borishi koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari «ACWA Power» bilan samarali sheriklik olib borilayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi. Ushbu kompaniyaning mamlakatimiz energetika tarmogʻini «yashil» texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishdagi yetakchi oʻrni qayd etildi.
Bugungi kunda joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 17 milliard dollardan oshdi.
Ishbilarmonlar kengashi faoliyati doirasida Saudiyadan yangi kompaniyalarni mamlakatimizga jalb qilish boʻyicha faol ishlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, energetika tarmogʻini rivojlantirish va raqamlashtirish, issiqlik taʼminoti tarmoqlarini modernizatsiya qilish, chiqindilarni qayta ishlash, farmatsevtika va toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, tibbiy klinikalar ochish, turizm markazlarini tashkil etish, qishloq xoʻjaligi loyihalarini ilgari surish va boshqa yoʻnalishlarga doir qoʻshma loyihalarni jadallashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.