Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashish uchun mamlakatimizga kelgan Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida
Uchrashuv avvalida vazir Oʻzbekiston yetakchisiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, Oʻzbekistonda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda qoʻshma loyihalar portfeli 30 milliard dollardan oshdi.
Mamlakatimizda energetika tarmogʻini rivojlantirishga eng koʻp investitsiya kiritgan “ACWA Power” kompaniyasi bilan samarali hamkorlik qilinayotgani taʼkidlandi.
Bu galgi forum doirasida “yashil” energetika, infratuzilma, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalarida 18 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha bitimlar imzolanadi.
Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda yangi loyihalarni ilgari surish zarurligi qayd etildi.