Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 avgust kuni “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Saudiyaning ushbu kompaniyasi bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va mamlakatimizdagi ustuvor loyihalarni jadallashtirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda Oʻzbekiston energetika tarmogʻini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga eng koʻp investitsiya kiritayotgan “ACWA Power” bilan samarali sheriklik darajasini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.
Zamonaviy issiqlik elektr stansiyalari, shamol va quyosh energetikasi obyektlari, energetika infrutizilmasini barpo etish, “yashil” vodorod ishlab chiqarish, ilgʻor texnologik yechimlar asosida uskuna va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, Muhammad Abunayyan hamraislik qilayotgan qoʻshma Ishbilarmonlar kengashi doirasida Saudiyaning yetakchi kompaniya va bank institutlarini Oʻzbekistonga jalb qilish borasidagi ishlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida “ACWA Power” raisi uning faoliyati yuksak baholangani va davlat mukofoti – “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangani uchun Oʻzbekiston yetakchisiga chuqur minnatdorlik bildirdi.