Prezidentlar muzokaralarning samarali natijalaridan mamnunligini taʼkidladilar

0
57
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muzokaralardan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidenti va xalqiga samimiy qabul va iliq mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Yetakchilar sezmazmun muzokara oʻtkazganlari, ularda Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarining barcha yoʻnalishlari batafsil muhokama qilingani, oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari belgilab olinganini taʼkidladilar. Ikki tomonlama koʻp qirrali hamkorlik yuqori surʼatda ekanini, barcha sohalarda salmoqli natijalarga erishilayotganini qayd etdilar.

Oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni yangi marralarga yetkazish borasidagi intilish qatʼiy ekani tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda nafaqat miqdoriy koʻrsatkichlar barqaror oʻsib borayotgani, balki sifat jihatidan oʻzgarishlar roʻy berganiga eʼtibor qaratdi. Xususan, ilgari oʻzaro tovar ayirboshlash tarkibining aksariyatini xomashyo tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda savdoning 70 foizi yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarga toʻgʻri kelmoqda.

Investitsiya sohasida ham yengil va kimyo sanoati, avtomobilsozlik va mashinasozlik, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika tarmoqlarida innovatsion loyihalar salmogʻi ortib borayotgani kuzatilmoqda.

Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarimizga ijtimoiy kafolatlarni taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Rossiya fuqarolari orasida Oʻzbekistonning turistik jozibadorligi oshayotgani qayd etildi. Rossiyalik sayyohlar oqimi yil boshidan buyon 20 foizga oshgani koʻrsatib oʻtildi.

Tomonlar 2024-2025 yillarda Madaniyat, sanʼat va adabiyot kunlarini oʻzaro tashkil etishga kelishib oldilar.

Madaniyat, taʼlim va tibbiyot sohalarida ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi aytildi.

Prezidentlar anʼanaviy va yangi tahdid va xatarlarga, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish masalalari diqqat markazida qolayotganini taʼkidladilar.

Tomonlar erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirishga, Oʻzbekiston va Rossiya xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.