Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga keldi

0
192
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Mun Chje Inning taklifiga binoan 22 noyabr kuni davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasiga keldi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.  

Seul  shahri aeroportida Oʻzbekiston Prezidenti sharafiga ikki davlat bayroqlari koʻtarildi, faxriy qorovul saf tortdi. Davlatimiz rahbarini Koreya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon kutib oldi. Marosimdan soʻng Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻzi uchun ajratilgan qarorgohga yoʻl oldi. 
Ushbu tashrif Oʻzbekiston – Janubiy Koreya oʻrtasida muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlarning mantiqiy davomi boʻlib, davlatlarimizning oʻzaro aloqalariga doir keng koʻlamli masalalarni muhokama qilish, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini bermoqda.

Oliy darajadagi muzokaralarda oʻzaro hamkorlikning keng koʻlamli masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish koʻzda tutilgan. 

Avval xabar qilinganidek, tashrif doirasida davlatimiz rahbari Milliy Assambleya Spikeri Chon Se Gyun va Koreya Respublikasi Bosh vaziri Li Nak Yon bilan uchrashishi, ikki davlatning yetakchi iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, yirik ishbilarmonlar ishtirokidagi Oʻzbekiston – Janubiy Koreya biznes forumida ishtirok etishi koʻzda tutilgan. 

Tashrif yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlarining Strategik sheriklikni har tomonlama rivojlantirish toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonoti qabul qilinishi, shuningdek, turli sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga doir koʻplab hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, tijorat kelishuvlari va shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.