Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Hindistonning Chennay shahrida boʻlib oʻtgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempionlikni qoʻlga kiritgan jamoamiz bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni ushbu buyuk gʻalaba bilan qizgʻin tabrikladi, deya xabar beradi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Prezident tabrigidan: Sizlar dunyoning manaman degan shaxmat ustalari ishtirokida har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan, 188 ta jamoa ishtirok etgan ushbu eng nufuzli shaxmat musobaqasidagi ulkan gʻalabangiz bilan mamlakatimiz sporti tarixida yangi sahifani ochib berdingiz.ulkan gʻalabangiz Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik shonli bayramiga munosib sovgʻa boʻldi.
Ushbu musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi oʻgʻlonlarimizning isteʼdodiga butun dunyo yana bir bor tan berdi.
Ayniqsa, Jahongir Vohidovning soʻnggi oʻyindagi gʻalabasi terma jamoamizning tarixiy gʻalabasini taʼminladi.
Shuni alohida gʻurur bilan taʼkidlash kerakki, sportning shaxmat turida butun dunyoda nom chiqargan Hindiston, AQSH, Armaniston, Niderlandiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlar vakillari ishtirok etgan ushbu olimpiadada terma jamoamiz aʼzolari har tomonlama munosib ishtirok etib, bironta oʻyinda ham magʻlubiyatga uchramadi.
Gʻolib va sovrindor sportchilarimizni tayyorlashda chinakam fidoyilik koʻrsatgan terma jamoamizning tajribali murabbiylari Ivan Sokolov, Vladimir Yeginga ham oʻzimning chuqur minnatdorligimni bildiraman.
Ishonchim komilki, 2026 yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham mamlakatimiz vakillari munosib ishtirok etib, yuqori marralarni zabt etadi, – deya ishonch bildirdi mamlakat rahbari.
Darhaqiqat, bugungi misli koʻrilmagan gʻalaba yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sport, xususan, shaxmat sohasiga berilayotgan katta eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yorqin amaliy natijasidir.