Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayevni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ushbu nufuzli tashkilot doirasidagi koʻp tomonlama sheriklikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan umumiy xavf va xatarlarga qarshi kurashishda amaliy saʼy-harakatlarni kengaytirish, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va sheriklik tamoyillari asosida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhim ekani taʼkidlandi.
Samarqand sammitida boshlangan ShHT faoliyatini modernizatsiya qilish jarayonini davom ettirish, jumladan, tashkilotning barcha tuzilmalari faoliyati samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
«Yangi iqtisodiy muloqot»ni rivojlantirish konsepsiyasi va mamlakatimizning boshqa qator tashabbuslarini amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Bular savdoni soddalashtirish toʻgʻrisidagi bitim, elektron tijorat dasturi, investitsiyalarni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari, logistikada raqamlashtirish rejasi, «ShHT kelajak texnologiyalari» dasturi, Oziq-ovqat xavfsizligi atlasi va boshqalarni qabul qilishdir.
Shuningdek, Xitoyda boʻlajak ShHT sammitiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi.