16 sentyabr kuni Samarqandda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ShHT Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbirda Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etdi.
Shuningdek, ShHT huzuridagi kuzatuvchi mamlakatlar yetakchilari va sammitning faxriy mehmonlari – Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan BMT Bosh kotibining oʻrinbosari Rozmari DiKarlo, ShHT bosh kotibi Chjan Min va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qoʻmitasi direktori Ruslan Mirzayev qatnashdi.
Oʻzbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga asos solgan davlatlardan biri sifatida uning faoliyatida muhim va faol rol oʻynamoqda. Oʻzbekistonning tashabbuslari ShHTning xalqaro nufuzini va salohiyatini yuksaltirishga, koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga hamisha xizmat qilib kelgan.
Oʻzbekistonning 2021-2022 yillarda ShHTga raisligi qizgʻinligi, mazmundorligi va natijaga qaratilganligi bilan eʼtiborga molik. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, Raislik rejasi birgalikda toʻliq amalga oshirildi.
80 dan ortiq yirik tadbirlar oʻtkazildi. ShHT doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi va kambagʻallikni qisqartirish kabi sohalardagi hamkorlikning yangi format va mexanizmlari ishga tushirildi.
Iqtisodiyot, sanoat, innovatsiyalar, turizm, sogʻliqni saqlash, xalq diplomatiyasi, gender tengligi va ayollar tadbirkorligini ilgari surish borasidagi dolzarb masalalar boʻyicha forumlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar oʻtkazildi.
Prezidentimiz oʻz nutqida atrofimizda boʻlayotgan voqealar sharoitida bugungi sammit alohida, tarixiy ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. ShHT oʻz taraqqiyotining yangi, yanada masʼuliyatli bosqichiga qadam qoʻymoqda. Uning zimmasida hamkorlikning koʻplab ustuvor vazifalarini birgalikda hal etish masʼuliyati turibdi.
Mamlakatimiz yetakchisi ShHT doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan aniq takliflar va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.
Eng avvalo, tashkilotning bloklarga qoʻshilmaslik maqomini va ochiqligini, keng xalqaro hamkorlikka yoʻnaltirilganini saqlab qolish, xavfsizlikning yaxlitlik tamoyiliga rioya qilish muhimdir. Markaziy Osiyo bundan buyon ham ShHTning «geografik yadrosi» boʻlib qolishi kerak.
“Shanxay ruhi” tamoyillari asosida birdamlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash yana bir asosiy vazifa hisoblanadi. «Biz faqat shu yoʻl bilangina ShHT mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni taʼminlashimiz mumkin», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu prinsipial yondashuvlardan kelib chiqib va bugungi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, davlatimiz rahbari ShHTni 2040 yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlash taklifini bildirdi. Ushbu dasturiy hujjat koʻp qirrali hamkorlikning barcha jabhalarini qamrab olish, ShHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berishga qaratilgan.
Iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikning amaliy taʼsirchanligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu maqsadda ShHTning yangi iqtisodiy muloqotini yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekistonda ShHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini oʻtkazish, aʼzo mamlakatlarning maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish, har yili ShHT yirik savdo yarmarkasini oʻtkazish va uning negizida yagona elektron platforma yaratish takliflari ilgari surildi.
Jahondagi oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi ShHTda bu borada faol hamkorlik qilishni taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Prezidenti oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqishni taklif qildi.
Ushbu hujjat tovar va xizmatlarning erkin harakatini taʼminlash uchun mavjud normativ-huquqiy bazani uygʻunlashtirishga, oziq-ovqat tanqisliginining oldini olish, mamlakatlarimiz bozorlarini oʻzaro toʻldirish maqsadida tovarlarni markirovka qilish va bojxona jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, kelgusi yilda Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazish taklifi bildirildi.
ShHT makonida transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish zarurligiga eʼtibor qaratib, Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining qoʻllab-quvvatlashi ostida Toshkent shahrida Mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlik markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Sammit doirasida “Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi toʻgʻrisida uch tomonlama bitim imzolanganini tarixiy voqea sifatida baholab, Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilarni strategik jihatdan yana bir muhim loyiha – Termiz–Mozori Sharif-Kobul–Peshovar temir yoʻli qurilishini ham qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
«Ushbu ikki loyihaning amalga oshirilishi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, oʻzaro savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish, umuman olganda, Tashkilotimiz makonida barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun keng imkoniyatlar ochadi», dedi Prezidentimiz. Shu va boshqa masalalarni muhokama qilish uchun Oʻzbekiston ShHTning Birinchi transport forumini oʻtkazish va uning yakunida Qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqishga tayyorligi aytildi.
Davlatimiz rahbari ekologik tahdid va xatarlar ortib borayotganini taʼkidlab, ShHTning Iqlim kengashini tuzishni taklif etdi. Ushbu mexanizm “yashil” taraqqiyot, choʻllanish va tuproq tanazzuliga qarshi kurashish, ekologik loyihalar, shu jumladan, Orolboʻyi uchun innovatsion yechimlar va moliyaviy mablagʻlar jalb qilishga koʻmaklashadi.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston Prezidenti bu boradagi ustuvor vazifalar qatorida mamlakatlarimiz huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish, xavfsizlikka tahdid va xatarlarning oldini olish hamda ularga tezkorlikda javob qaytarish boʻyicha ShHT MATT faoliyati samaradorligini oshirish zarurligini qayd etdi.
Shu bilan birga, yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yoʻl qoʻymaslik, turli nosogʻlom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish taklif etildi. Dunyoda radikalizmning oʻsishi xavfli tendensiyaga aylanayotgan hozirgi sharoitda bu ayniqsa muhimdir.
– Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish ShHTning eng ustuvor yoʻnalishlaridan boʻlib qolishi lozim. Afgʻon xalqi yaxshi qoʻshnichilik yordamimizga har qachongidan ham koʻproq muhtoj. Biz oʻtmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz va Afgʻonistonni uning muammolari bilan yolgʻiz qoldirmasligimiz kerak», – dedi davlatimiz rahbari.
Shu munosabat bilan Termiz shahridagi transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda Afgʻonistonni gumanitar qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus fond taʼsis etish taklif qilindi. Fond mablagʻlari mazkur mamlakatdagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun taʼlim dasturlari va sogʻliqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniy-gumanitar aloqalar anʼanaviy ravishda hamkorligimizning mustahkam asosi ekanini taʼkidladi. Madaniyatlar va anʼanalar xilma-xilligini hurmat qilish millionlab odamlarga doʻstona muloqot va oʻzaro almashuvning yangi imkoniyatlarini ochib beradi.
Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari ShHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qoʻshma sport tadbirlari va universiadalar kabi hamkorlikning qoʻshimcha formatlarini yaratishga chaqirdi. Madaniyatlararo muloqotning raqamli shakllari: virtual muzeylar va ijodiy koʻrgazmalar, ilmiy konferensiyalar tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Turizm sohasidagi hamkorlikka yangi surʼat bagʻishlash uchun 2023 yilni ShHT makonida turizmni rivojlantirish yili, deb eʼlon qilish taklif etildi.
Oʻzbekiston rahbari Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha boʻlgan makonda yashaydigan xalqlar oʻrtasida maʼnaviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi boʻlib kelganini taʼkidladi.
«Asrlar davomida bu yerda turli sivilizatsiyalar vakillari oʻrtasida samarali muloqotning oʻziga xos madaniyati yaralgan. Samarqand – ShHTni tuzishda asos qilib olingan bagʻrikenglik, turli xalqlarning anʼana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida amalda boʻlgan hayotiy namunadir», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois Oʻzbekiston Prezidenti umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida Samarqand birdamligi tashabbusini ilgari surdi. Uning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq boʻlmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuv va qarorlarni izlashga tayyor, «Samarqand ruhi» tamoyillariga hamfikr boʻlganlarning barchasini global muloqotga jalb qilishdir.
Ushbu tashabbusni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun kelgusi yilda siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida Samarqand xalqaro forumi oʻtkaziladi.
Davlatimiz rahbari nutqining yakunida Oʻzbekiston raisligidagi maqsadlarga erishishda faol koʻmak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. “Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar Shanxay hamkorlik tashkilotining yanada izchil rivojlanishiga hamda nufuzi yuksalishiga munosib hissa boʻlib qoʻshiladi”, dedi u.
Majlisda aʼzo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar hamda BMT va ShHT rahbarlari soʻzga chiqdi.