Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni Ostona shahrida ShHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida oʻtgan tadbirda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Muhammad Muxbir, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min va ShHT Mintaqaviy aksliterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Ruslan Mirzayev qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ochiq fikr almashildi, ShHT doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston rahbari sammit ishtirokchilarini qutlar ekan, Qozogʻistonning ShHTga raisligi natijalarini yuqori baholadi, shuningdek, Belarusni tashkilotga aʼzo boʻlgani bilan samimiy tabrikladi.
Mamlakatimiz yetakchisi ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda oʻtayotganini qayd etdi.
Yangi vayronkor mojarolar paydo boʻlmoqda, global va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid va xatarlar kuchayib bormoqda. Bu davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch kamayayotgan, qarama-qarshilik va raqobat ortishi natijasida geosiyosiy keskinlik tobora oʻsayotgan vaziyatda kechmoqda.
— Bunday murakkab vaziyatda ShHTning asosi boʻlgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir. Ana shu tamoyillar tufayli Tashkilot bugungi yutuqlarga erishdi, xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi oʻringa ega boʻldi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz «Shanxay ruhi»ning asosiy tamoyillariga — oʻzaro ishonch va manfaatdorlik, tenglik, madaniyatlar rang-barangligiga hurmat, bloklardan xoli maqomni saqlab qolish, qarorlar qabul qilishda konsensus prinsipiga qatʼiy amal qilishni davom ettirishga chaqirdi.
Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, bugungi voqelikda ShHT hamjihatligi zaiflashishiga yoʻl qoʻymaslik muhimdir. «Biz “ShHT oilasi” jipsligini kuchaytirishimiz, birgalikda rivojlanish tamoyilini hayotga izchil tatbiq etib, ochilayotgan yangi imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishimiz zarur», dedi Shavkat Mirziyoyev.
ShHT mamlakatlarining ulkan rivojlanish salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun iqtisodiy sheriklikning yangi modelini shakllantirish va barqaror rivojlanishning uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston rahbari ShHT oldida turgan eng dolzarb vazifalar haqida soʻz yuritar ekan, quyidagilarga eʼtibor qaratdi.
Global darajada ishonch taqchilligi misli koʻrilmagan darajaga chiqqan sharoitda umumiy xavfsizlikni taʼminlashda yangi yondashuvlarni izlash zarurati oʻsib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yoʻlidagi hamjihatlik boʻyicha Samarqand tashabbusini amalga oshirish dolzarbligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari muloqotni mustahkamlash va koʻp tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida ShHTning Yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini qabul qilishga chaqirdi.
Iqtisodiy yoʻnalishda strategik yuksalishga erishish uchun tashkilot doirasida savdo tartib-taomillarini soddalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni, amaldagi raqamli savdo platformalarini integratsiya qilgan holda elektron tijorat sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi.
Sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qoʻllab-quvvatlash doirasida oʻzaro investitsiyalarni, eng avvalo, infratuzilma, sanoatning yuqori texnologik tarmoqlari va xizmatlar sohasiga jalb qilishni ragʻbatlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Bunday loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish, jumladan, ShHT Jamgʻarmasi va Taraqqiyot bankini taʼsis etish masalasini koʻrib chiqish muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston yetakchisi ShHT mamlakatlarining iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirishga xizmat qiladigan «Sharq-Gʻarb» va «Shimol-Janub» yoʻnalishlarida inklyuziv transport tizimini shakllantirish zarurligiga eʼtibor qaratdi.
— Transport yoʻlaklari koʻp variantli boʻlishi – bu butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim shartidir, — dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, logistika tartib-taomillarini raqamlashtirish, jumladan, ShHT mamlakatlari chegaralari orqali olib oʻtilayotgan tovarlar toʻgʻrisida elektron maʼlumotlar almashinuvini tashkil etish rejasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Tashkilot makonida zamonaviy va ishonchli energetika infratuzilmasini kengaytirish maqsadida qayta tiklanadigan energetikaga investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish boʻyicha kompleks hamkorlik rejasini tayyorlash tashabbusi bildirildi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz raqobatbardoshligini taʼminlashda raqamli iqtisodiyotga oʻtish, «sunʼiy intellekt» va ilgʻor IT-yechimlarni joriy etish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi. Shu munosabat bilan ushbu sohada bilim va ilgʻor tajriba almashish imkonini beradigan «ShHT kelajak texnologiyalari» dasturini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi.
Oʻzbekiston Prezidenti ShHT mamlakatlari oʻrtasida ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasidagi hamkorlik boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni qabul qilish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif qildi.
Aholi hayot darajasini yuksaltirish va hududlarni, birinchi navbatda, qishloq joylarni rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalarni amalga oshirish 2030 yilgacha moʻljallangan eng muhim maqsadlarga erishish yoʻlida umumiy hissa boʻlishi taʼkidlandi.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni yetkazib berish imkoniyatlari nomma-nom aks ettirilgan mamlakatlarimizning agrosanoat sohasidagi salohiyati haqidagi maʼlumotlarni birlashtiradigan “ShHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qoʻshma elektron platformasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Bunga BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti ekspertlarini jalb etish taklif etildi.
Mintaqaviy xavfsizlik masalalariga toʻxtalar ekan, davlatimiz rahbari zamonaviy xavf va xatarlarga qarshi kurashishda mamlakatlarimiz vakolatli organlari faoliyatini yaqindan muvofiqlashtirishni, shu jumladan, ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi yoʻnalishida davom ettirish zarurligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoning ajralmas qismi boʻlgan va mintaqaviy barqarorlikka bevosita taʼsir koʻrsatadigan qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyatga alohida toʻxtaldi.
Prezidentimiz Afgʻonistonning hozirgi maʼmuriyati bilan munosabat oʻrnatish borasidagi yondashuvlar turli ekanini qayd etib, Kobul bilan butun mintaqaning xavfsizligi va iqtisodiy taraqqiyoti manfaatlariga javob beradigan muloqotni davom ettirishga chaqirdi. Shu maʼnoda, “ShHT–Afgʻoniston” muloqot guruhining faoliyatini qayta tiklash haqidagi taklif hamon dolzarb boʻlib qolayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari XXR Raisi Si Szinpinni Xitoy Xalq Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik missiyasini qabul qilgani bilan tabrikladi.
Yigʻilish yakunida hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi. Xususan, Ostona deklaratsiyasi va hamkorlikning turli sohalarida sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim koʻp tomonlama hujjatlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ShHT davlat rahbarlari tomonidan Tashkilotga aʼzo mamlakatlarning xalqaro axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha hamkorlik rejasi hamda Davlat rahbarlari kengashining Yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va sheriklik tamoyillari toʻgʻrisidagi bayonoti tasdiqlandi.