Oʻzbekiston Prezidenti «ShHT plyus» uchrashuvlarining tashkilot doirasidagi koʻp qirrali sheriklikni rivojlantirishdagi muhim oʻrnini qayd etdi

0
60
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni Ostona shahrida «ShHT plyus» formatining «Koʻp tomonlama muloqotni mustahkamlash — barqaror tinchlik va taraqqiyot sari intilish» mavzusidagi uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda ShHTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari va uning doimiy faoliyat yurituvchi organlari rahbarlaridan tashqari kuzatuvchi va muloqot boʻyicha sherik mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida keng tarkibdagi “ShHT plyus” yigʻilishi ayni vaqtida oʻtkazilayotganini taʼkidladi.

— Hozir dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham koʻproq ehtiyoj sezmoqda, — dedi Prezidentimiz.

Bugungi global jarayonlarga baho berar ekan, davlatimiz rahbari siyosiy va iqtisodiy “parchalanishlar”, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelayotganini qayd etdi.

— Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab boʻlmoqda. Mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovatsiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida toʻsqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda, — dedi Prezident.

Taʼkidlanganidek, «ushbu muammolarni hal qilishning yagona yoʻli – umumiy xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlik uchun saʼy-harakatlarimizni birlashtirishdir».

Oʻzbekiston rahbari ShHT har doim xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roliga tayanadigan koʻp tomonlamalik asosidagi adolatli dunyo tartiboti tarafdori boʻlib kelgani va shunday boʻlib qolayotganini taʼkidladi.

Shu bilan birga, yuzaga kelgan voqelik Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati samarasini oshirishda yangi strategik yondashuvlarni talab etmoqda.

— Tashkilotimizning ulkan salohiyati hamda jahon siyosati va iqtisodiyotidagi ortib borayotgan roliga mos keladigan yangi maqsad va vazifalarni ishlab chiqish vaqti keldi, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari ShHT taʼsis etilgan davrdan buyon zamonaviy tahdidlarning tabiati va miqyosi sezilarli darajada oʻzgargani sababli xavfsizlikni taʼminlash masalalarida uning faoliyatining konseptual asoslariga yangi nigoh bilan qarashni taklif qildi.

ShHT salohiyatini mustahkamlashda, jumladan, Xavfsizlikka xatar va tahdidlarga qarshi kurash boʻyicha universal markazni tashkil etishda ushbu omillarni hisobga olish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Oʻzbekiston Prezidenti vakolatli organlar rahbarlari va ekspertlar ishtirokida har yili “Xavfsizlik masalalari boʻyicha ShHT plyus muloqoti”ni oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.

Prezidentimiz ShHT makonida savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil “qayta ishga tushirish”, koʻp tomonlama savdo va tarmoqlararo sheriklikning mustahkam asoslarini yaratish muhimligini taʼkidladi.

Sammit davomida tomonlar savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va elektron savdoni rivojlantirish, texnologik kooperatsiyani, shu jumladan kelajak sanoati tarmoqlarini ragʻbatlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrishga kelishib olgani taʼkidlandi.

Biznes muloqoti uchun samarali platformani shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston yetakchisi barcha sheriklarni jalb qilgan holda har yili «ShHT EKSPO» xalqaro sanoat koʻrgazmasini oʻtkazishni taklif etdi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi, YeOII, ASEAN va boshqalar bilan iqtisodiy hamkorlikni faol ilgari surish va qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini izlash muhimligi qayd etildi.

Bugungi geosiyosiy vaziyatda hududlararo oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish uchun inklyuziv va integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, ekologik muammolar kuchayib borayotgan bir sharoitda iqlim sohasidagi hamkorlik ShHT yangi kun tartibining eng muhim qismiga aylanishi kerak. Shu munosabat bilan «yashil» taraqqiyot sohasidagi umumiy maqsad va vazifalarga erishish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishda hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish taklifini qoʻllab-quvvatladi.

Bundan tashqari, Toshkentda ekologik barqarorlik va «yashil» oʻsish sohasida tadqiqotlar olib boradigan ShHTning Iqlim muammolari boʻyicha innovatsion yechimlar markazini tashkil etish taklif qilindi.

Aholining hayot sifatini yaxshilash va ijtimoiy himoya masalalari tashkilot kun tartibida markaziy oʻrinni egallashi lozim, dedi davlatimiz rahbari. Shu maʼnoda, kelgusi yili Samarqand shahrida Kelajak sammiti maqsadlariga erishishga munosib hissa qoʻshish uchun BMT shafeligida barqaror ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha global konferensiyani oʻtkazish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Mamlakatimiz yetakchisi sivilizatsiyalararo muloqotning noyob modelini ilgari surish va birgalikda mustahkamlashga chaqirdi. Qayd etilganidek, «xalqlarimizning boy madaniy-tarixiy va maʼnaviy merosi, anʼanalari, urf-odatlari va turmush tarzi – bu oʻzaro ishonch koʻprigini, yaxshi qoʻshnichilik va yaqin doʻstlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan qudratli va hayotbaxsh kuchdir».

Yaqinda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining «Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasida muloqot kuni» rezolyusiyasida aynan shu yoʻnalish aks etganligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida hamjihatlik boʻyicha Samarqand tashabbusining dolzarbligi yana bir bor qayd etildi.  Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi barqaror rivojlanish yoʻlidagi ziddiyatlarni yengib oʻtishda sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Madaniyat, taʼlim, yoshlar va sayyohlik almashuvlar sohasidagi dasturlarni amalga oshirishga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, ushbu yoʻnalishlardagi loyihalarni tizimlashtirish va birgalikda amalga oshirish imkonini beradigan ShHT gumanitar tashabbus va dasturlari yagona bankini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida «ShHT plyus» formatidagi ushbu uchrashuv yakunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi koʻp qirrali sheriklik rivojiga kuchli turtki berishiga ishonch bildirdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Ostona xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Prezidentini Qozogʻiston Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiylar kuzatib qoʻydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.