Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyul kuni poytaxtimizdagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishining tadbirlarida ishtirok etayotgan ShHTga aʼzo davlatlar delegatsiyalarining rahbarlarini qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi aʼzosi, tashqi ishlar vaziri Van I, Qirgʻiz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Bilaval Bxutto Zardariy, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, shuningdek, Tashkilot bosh kotibi Chjan Min va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Ruslan Mirzayev ishtirok etdi.
Koʻp tomonlama hamkorlikning ustuvor vazifalari va ShHTni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Oʻzbekistonning birlashmaga raisligi davomida oʻtgan davrda birgalikda amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda joriy yil sentyabr oyida Samarqandda oʻtadigan sammit kun tartibiga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Davlatimiz rahbari ShHT mamlakatlari vazirlariga murojaat qilar ekan, bugun dunyo oqibatlarini prognozlashtirish qiyin boʻlgan, oldindan aytib boʻlmaydigan tub transformatsiya jarayonlarini boshidan kechirayotganini taʼkidladi. Global miqyosda ishonch va oʻzaro anglashuv taqchilligi tobora oʻtkir sezilmoqda.
Oʻzbekiston yetakchisi anʼanaviy kooperatsiya va logistika zanjirlari buzilayotgani, jahon mamlakatlarining aksariyatida oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi vaziyat keskinlashib, inflyasiya koʻrsatkichlari shiddat bilan oʻsayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol yomonlashib borayotganini koʻrsatib oʻtdi.
Bunday murakkab sharoitda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarga mos ravishda chora koʻrish uchun saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va koʻp tomonlama asosda yaqindan hamkorlik qilishga ehtiyoj kuchayib bormoqda.
ShHTga va ushbu tashkilot bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qiziqish ortib borayotgani ham bejiz emas. Bugungi kunda oʻndan ortiq mamlakatdan tashkilot faoliyatida u yoki bu maqomda ishtirok etish boʻyicha kelib tushgan arizalar koʻrib chiqilmoqda.
Prezidentimiz ShHT oʻzining siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-intellektual salohiyatiga koʻra eng qudratli birlashmalardan biri ekanini qayd etdi. Tashkilot mamlakatlari hissasiga jahon YAIMning qariyb chorak qismi va sayyoramiz aholisining yarmi toʻgʻri kelmoqda.
Oʻzbekistonning ShHTga raisligiga toʻxtalar ekan, mamlakatimiz yetakchisi 70 dan ziyod yirik tadbir muvaffaqiyatli oʻtkazilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Samarqand sammiti yakunida qabul qilinishi koʻzda tutilgan 28 ta hujjatni kelishish jarayonlari yakunlandi.
Mintaqa ichidagi savdoni, sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish, transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha konsepsiya va dasturlar shular jumlasidan. “Yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va boshqa sohalardagi qoʻshma loyiha va tadbirlar ham ishlab chiqilmoqda.
Davlatimiz rahbari ShHTni yanada rivojlantirishning qator prinsipial jihatlarini belgilab berdi. Bular – Tashkilotning hech qanday bloklarga qoʻshilmaslik maqomini saqlash, yangi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha salohiyatini kuchaytirish, Markaziy Osiyoning ShHTning “geografik oʻzagi” sifatidagi oʻrnini saqlab qolish, transmintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik loyihalarini ilgari surish hamda Afgʻonistonni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga yanada faol jalb qilish.
Uchrashuv yakunida ShHT makonida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini, keng koʻlamli hamkorlikni yanada mustahkamlashga Oʻzbekistonning intilishi qatʼiy ekani yana bir bor qayd etildi.
Yuqori martabali mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, oʻz mamlakatlari yetakchilarining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.