Kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va rafiqasi hamrohligida Shusha shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Shusha “Qorabogʻ durdonasi”, “Kavkaz sanʼati markazi” va “ozarbayjon musiqasi beshigi” nomlari bilan maʼlum. Shahar bir qator taniqli fan, madaniyat va sanʼat arboblari vatanidir.
2021 yildan buyon Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti hisoblanadi, 2023 yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb eʼlon qilingan.
Joriy yilda Xiva shahri va Shusha shahri oʻrtasida birodarlik aloqalari oʻrnatildi.
Oliy martabali mehmonlar shahar bilan tanishuvni 1883 yilda barpo etilgan Soatli masjididan boshladilar.
Soʻng Ozarbayjon umummilliy yetakchisining yuz yillik yubileyiga bagʻishlab oʻtkazilgan “Haydar Aliyev va Qorabogʻ” fotokoʻrgazmasi bilan tanishildi.
Shushaning bosh maydoniga tashrif buyurildi. Bu yerda Ozarbayjon madaniyatining atoqli arboblari – Xurshidabonu Notavon, Bulbul, Uzeyir Xojibeyli byustlari oʻrnatilgan.
Oʻzbekiston tomoni katta qiziqish bilan shahar aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlab kelgan “Xon qizi” bulogʻi, Ozarbayjonning taniqli sanʼat arbobi Bulbulning uy-muzeyi, “Mehmondorovlar uyi” meʼmoriy yodgorligi hamda oʻtmishda otchoparlar oʻrtasida musobaqalar oʻtkazilgan mashhur Jidir tekisligi bilan tanishdilar.
Shu bilan Prezidentimizning Ozarbayjonga davlat tashrifi dasturidagi tadbirlar yakuniga yetdi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.