Samarqand shahridagi tadbirlar yakunlangach, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 17 may kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga joʻnab ketdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tashrif dasturiga muvofiq, 18-19 may kunlari Sian shahrida XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar oʻtkazish, “Markaziy Osiyo — Xitoy” formatidagi sammitda ishtirok etish hamda Xitoyning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga keldi.
Koʻhna Sian shahrining xalqaro aeroportida ikki davlat bayroqlari koʻtarildi, oliy martabali mehmonlar sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, milliy qoʻshiq va raqslardan iborat tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston yetakchisini XXR madaniyat va turizm vaziri Xu Xepin, Shensi muzofoti gubernatori Chjao Gan va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, davlatimiz rahbari 18 may kuni XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokara oʻtkazadi.
19 may kuni Oʻzbekiston Prezidenti «Markaziy Osiyo — Xitoy» birinchi sammitida ishtirok etadi.