Dushanbega davlat tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 aprel kuni Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari kecha Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida tarixiy shartnoma imzolanganini taʼkidladi. Shu maʼnoda, oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlar ikki mamlakat hukumatlari tomonidan soʻzsiz amalga oshirilishi muhim ekani qayd etildi.
Shu maqsadda qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va Bosh vazirlarning uchrashuvlarini tizimli ravishda tashkil etib borish zarur.
Tovar ayirboshlashni oshirish, chegaraoldi savdoni va savdo infratuzilmasini rivojlantirish, avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika, qazib chiqarish, toʻqimachilik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish ustuvor vazifalar sifatida koʻrsatib oʻtildi.
Ikki mamlakat hududlarining salohiyatidan toʻliq foydalanish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish muhimligi alohida taʼkidlandi.