Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Qohir Rasulzoda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har doimgidek samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, madaniy-gumanitar sohalar va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Chegaradosh hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.