Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini 70 yillik yubileyi bilan chin dildan tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Tojikiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Prezident Emomali Rahmonning zamonaviy Tojikistonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida bugungi yuksak darajaga erishishdagi oʻrni alohida qayd etildi.
Suhbat chogʻida ilgari erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, energetika, transport va boshqa muhim yoʻnalishlardagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga xizmat qiladigan Qoʻshma investitsiya fondi oʻz faoliyatini boshlagani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol hududlararo muloqotlarni yanada kengaytirish, mamlakatlarimizda qoʻshma ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarini oʻtkazish muhim ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, boʻlajak koʻp tomonlama uchrashuvlar rejasi koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.