Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida oʻtgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlardan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olganini alohida taʼkidladi. Yetakchi davlatlar oʻrtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush oʻchoqlari koʻpayib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda.
Bu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi qoʻshma reja va katta loyihalarga jiddiy toʻsiq boʻlmoqda
Shu maʼnoda, siyosat va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, tashkilotga aʼzo mamlakatlarning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib, xalqaro muammolar boʻyicha yakdil va aniq pozitsiyani faol ilgari surish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Bu oʻrinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. Gʻazo sektori va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojia, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon boʻlayotgani alohida qayd etildi. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish boʻyicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlar qoralandi.
Mazkur koʻp yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro meʼyoriy hujjatlar va rezolyusiyalarga muvofiq 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus boʻlgan mustaqil Falastin davlatini tuzish ekani taʼkidlandi.
Keyingi hafta Ar-Riyod shahrida oʻtadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga konstruktiv siyosiy yechim topilishiga umid bildirildi.
Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi.
Afgʻonistondagi oʻtkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam koʻrsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini roʻyobga chiqarish masalalari albatta koʻrib chiqilishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Tarixiy hujjat – Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlarimiz oʻrtasida kuchayib borayotgan koʻp qirrali hamkorlikning yorqin ifodasi ekani alohida taʼkidlandi.
Sammit kun tartibidan kelib chiqib, Oʻzbekiston yetakchisi bir qator ustuvor masalalarga toʻxtalib oʻtdi.
Avvalo, davlatimiz rahbari tashkilotning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahkamlash muhimligini taʼkidladi. Shu maʼnoda, Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi shartnomani qabul qilish taklif etildi.
Shuningdek, tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish maqsadida tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish boʻyicha aniq bitim va kelishuvlarni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Shu munosabat bilan savdo sohasidagi salohiyatni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi tahlil markazlarining anjumanini oʻtkazish taklif qilindi.
Kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat koʻrgazmalari, mintaqa va viloyatlarning oʻzaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qoʻshma dasturini qabul qilish kerakligi taʼkidlandi.
Jahon moliya bozorida kapitalga boʻlgan talab va uning qiymati ortib bormoqda, rivojlanayotgan davlatlarga uzoq muddatli va «yashil» kreditlar ajratish shartlari murakkablashmoqda.
Shu nuqtai nazardan, moliyaviy instrumentlarni joriy etish, Turkiy investitsiya fondi faoliyatini faollashtirish va Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy investitsiya kompaniyalarini jalb qilish muhimligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan Turkiy investitsiya forumini tashkil etish va uning birinchi yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklif qilindi.
Transport yoʻlaklaridan samarali foydalanish, Oʻrta yoʻlak boʻyicha tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralarni kesib oʻtish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qoʻshma operatorlarni yaratish yana bir ustuvor masala sifatida belgilandi.
Tashkilot doirasida tashishlarda elektron hujjat aylanishiga oʻtish va ularni oʻzaro tan olish boʻyicha koʻp tomonlama bitimni imzolash tashabbusi ilgari surildi.
Ushbu masalalarni biznes vakillari ishtirokida batafsil muhokama qilish maqsadida Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini oʻtkazish dolzarbligi qayd etildi.
Bu galgi sammit mavzusini qoʻllab-quvvatlash maqsadida kelajak iqtisodiyotini keng joriy etish, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida ilgʻor tajriba va yutuqlarni almashish, innovatsiyalar, infratuzilma va ilm-fanning raqamli tizimlarini, yirik maʼlumotlar markazlarini yaratishga qaratilgan «Raqamli turkiy dunyo» konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Oʻzbekiston yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni kelgusi haftada Boku shahrida COP-29 Global sammiti ish boshlashi bilan samimiy qutlab, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻtkir ekologik muammolarga yechim topish uchun vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tez fursatda tashkil etish zarurligini taʼkidladi hamda uning birinchi uchrashuvini kelgusi yilda Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyorligini tasdiqladi.
Qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, yoshlarni ajdodlarimizga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida tashkilotga aʼzo mamlakatlar tillarida turkiy xalqlar ogʻzaki ijodining koʻp jildlik toʻplamini nashr etish, birgalikda fundamental tadqiqotlar olib borish, maktablarda turkiy xalqlar va ularning tarixi, etnografiyasi, madaniyati va sanʼati boʻyicha fakultativ darslarni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasining toʻlaqonli aʼzosi boʻlishga tayyorligi bildirildi.
Soʻzining yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni Turkiy dunyoning oliy ordeniga sazovor boʻlgani bilan samimiy tabrikladi.
Sammit yakunida Bishkek deklaratsiyasi, mamlakatimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Turkiy dunyo xartiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qator kelishuvlar qabul qilindi.
*****
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻizistonga amaliy tashrifi yakunlandi.
Bugun davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etib, koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Sammit doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi. «Manas» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi Raisi Aqilbek Japarov kuzatib qoʻydi.